ANDALUSIYA
ANDALUSIYA — Ispaniyaning Janubiy qismidagi Muxtor viloyat. Maydoni 87,3 ming kilometr kvadrat. Aholisi 7 million kishi (1992). Ma’muriy markazi — Sevilya shahri. Ma’muriy jihatdan 8 provintsiya — Almeriya, Granada, Kadis, Kordova, Malaga, Sevilya, Uelva, Xaenga bo’linadi. Eng yirik portlari: Sevilya, Kordova (Qurtuba), Malaga, Kadis. Yevropaning eng Janubiy nuqtasi — Marroki burni Andalusiyada. Andalusiya Janubiy g’arbda Atlantika okeani (Kadis qo’ltig’i), Janubiy-Sharqda O’rta dengiz bilan o’ralgan, Janubda Gibraltar bo’g’ozi uni Afrika qitasidan ajratib turadi. Gvadalkvivir daryosi havzasidagi Andalusiya pasttekisligi viloyat hududining aksari qismini egallagan. Pirenei yarim orolining eng baland nuqtasi — Mulasen cho’qqisi (3478 metr) Andalusiyada joylashgan. Tog’lar doim yashil o’rmon va butazorlar bilan qoplangan. Qishloq xo’jaligida asosan, g’alla, paxta, dukkaklilar, shakarqamish, zaytun mevasi va zaytun moyi, tsitrus mevalar (apelsin) hamda uzum yetishtiriladi. Qo’y, qoramol (korrida o’yinlari uchun buqa), yilqi boqiladi, baliq ovlanadi, dengizdan tuz olinadi. Yalpi mahsulot qiymatining 1/5 qismi sanoatga to’g’ri keladi. Andalusiyada polimetall rudalari, temir ruda, toshko’mir konlari bor. Ishlab beruvchi sanoat tarmoqlaridan tashqari rangli metallurgiya, mashinasozlik (jumladan kemasozlik), to’qimachilik, kimyo, neft, oziq-ovqat sanoati rivojlangan. Malaga shahri kurort rayonining markazi sifatida mashhur. Andalusiya nomining kelib chiqishi aniqlanmagan. Arablar 8 — asr avvalida Pireney yarim oroli katta qismini egallagach, o’sha joylarni Andalusiya (al-Andalus) deb ataganlar. Andalusiyada qadimda iberlar yashagan. Andalusiyada finikiyaliklarning manzilgohlari (koloniyalari) [Gades (Kadis), Korduba (Kordova), malaka (Malaga) va boshqalar], so’ngra karfagenliklarning manzilgohlari bo’lgan. Ispaniyada Rim hukmronligi davrida Andalusiya Betika (Rim provintsiyasi) hududiga kirgan. Arablar hukmronligi o’rnatilgan davrda Andalusiya 4 ta Qirollik (amirlik) — Xaen, Kurtuba, Sevilya, G’arnataga bo’lingan. 13-asrda rekonkista jarayonida Andalusiya arablardan tortib olingan (G’arnatadan tashqari). 1492 yil G’arnata egallanishi bilan Andalusiya to’la-to’kis Kastiliya va Aragon qirolligiga qo’shib olingan. Andalusiyaning keyingi tarixi Ispaniya tarixi bilan uyg’unlashib ketgan. Granada, Kordova, Malaga, Sevilya shaharlarida Rim davri, Arab madaniyati va Uyg’onish davrining tarixiy yodgorliklari saqlangan.