«ANDIJON AGROFIRMASI»

«ANDIJON AGROFIRMASI» Aktsiyadorlik jamiyati — konserva sanoati korxonasi. Andijon shahrida joylashgan. «O’zmevasabzavotuzumsanoat xolding» kompaniyasi tarkibiga kiradi. Meva konservalari va sharbatlari, tomat qaylasi, jem, qiyomlar, turli xildagi tuzlama sabzavot mahsulotlari ishlab chiqaradi. Korxona 1942 yilda Simferopoldan evakuatsiya qilingan konserva zavodi negizida Andijon konserva zavodi nomi bilan tashkil etilgan. 1994 yildan hozirgi nomda va ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyati. Dastlab faqat bochkalarda tuzlangan pomidor, qisman qiyom va povidlo ishlab chiqargan. 1946 yildan korxonaning ishlab chiqarish quvvati oshirildi, turli meva-sabzavot konservalari ishlab chiqarish 20 million bankaga yetkazildi. 1965-75 yillarda tomat tsexlari qayta qurilib, bir sutkada 1000 tonnagacha pomidorni qayta ishlash mumkin bo’lgan avtomat liniyalar o’rnatildi, korxonaning yillik quvvati 106 million shartli banka mahsulotga yetkazildi. 1991 yilda meva sharbati ishlab chiqarish tsexi ishga tushirildi. Korxonada har yili o’rtacha 40,08 million shartli banka mahsulot ishlab chiqariladi. Korxona huzurida chet el sarmoyalari asosida «Andijon durdonasi» meva sharbati ishlab chiqaradigan «Anglo invest» hamda go’sht konservasi ishlab chiqaradigan «ARM S» qo’shma korxonalari ishlaydi. Korxona meva sharbati va konserva mahsulotlarini eksportga chiqaradi.