«ANDIJONYOG’MOY» AKTSIYADORLIK JAMIYATI

«ANDIJONYOG’MOY» AKTSIYADORLIK JAMIYATI — oziq-ovqat sanoati korxonasi, Andijon shahrida joylashgan. «O’zyog’moytamakisanoat» uyushmasi tarkibiga kiradi. Paxta chigitidan moy, xo’jalik sovuni, shulxa, kunjara va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaradi. 1907— 54 yillarda Andijon yog’ zavodi, 1954-94 yillarda Andijon yog’-moy kombinati, 1994 yil dekabrdan hozirgi nomda va ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyati. 1907 yil «T. K. Solovev va uning kompaniyasi» xususiy firmasi tomonidan tashkil etilgan (sutkasiga 50 tonna chigitni qayta ishlash quvvatiga ega bo’lgan). 1930-31 yillar qisman qayta jihozlash ishlari o’tkazilib, chigitdan tuk ajratib oluvchi tsex va bug’ qozoni, ta’mirlash tsexi, laboratoriya qurildi, ish quvvati sutkasiga 200 tonna chigitni qayta ishlashga yetkazildi. 1949 yildan uzluksiz ekstraktsiya usuli bilan yog’ olish o’zlashtirildi. 1960 yilda sovun tsexi ishga tushirilgach, ishlab chiqarish ko’rsatkichlari uch baravar oshdi. 1962 yildan yog’ni soapstokdan yog’ kislotalarini distillyasiya usuli orqali olish tsexi ishga tushirildi, natijada sovun sifatini yaxshilashga erishildi. 1983-93 yillarda korxonaning asosiy ishlab chiqarish tsexlari zamonaviy xorijiy texnologik liniyalar bilan jihozlandi. 1975-96 yillarda korxonaning quvvati sutkasiga 540 tonna chigitni qayta ishlashga va 85 tonna xo’jalik sovuni ishlab chiqarishga yetkazildi.