ANDORRA
ANDORRA (ispancha Andorra, Fransuzcha andorre), Andorra knyazligi — Yevropaning Janubi-g’arbidagi davlat. Pireney yarim orolida, Frantsiya bilan Ispaniya oralig’ida joylashgan. Maydoni 465 km2, aholisi 64,5 ming kishi (1996). Poytaxti — Andorrala-Velya shahri. Rasmiy tili — katalon tili; ma’muriy jihatdan 7 jamoaga bo’lingan. Dindorlar — katoliklar. Andorra— mustaqil suveren davlat. Frantsiya qiroli Karl davridayoq mustaqillikka erishgan. O’sha paytdan to birinchi Konstitusiya qabul qilinguncha Andorra 1278 yil shartnomasida belgilanganidek, Frantsiya va SEO-de-Urxel shahri (Ispaniya) episkopining ikki yoqlama protektoratida (izmida) bo’ldi. 1993 yil 14 martdagi umumxalq ovoz berishi natijasida ma’qullangan mamlakat birinchi Konstitusiyasiga binoan Andorra «parlamentli knyazlik» hisoblanadi, unda «xalq suvereniteti tamoyili» qaror topdi, sobiq hukmdorlar — Frantsiya prezidenti bilan SEO-de-ur-xel episkopiga aniq vakolatli «konstitusion davlat boshliqlari» martabasi, jumladan, ularga ichki xavfsizlik va mudofaa, hududiy va chegara huhuqlari, yuridik sohalarda hamkorlik qilishga oid xalqaro shartnomalarni tayyorlashda qatnashish huquqi berildi. Konun chiqaruvchi oliy organ — Bosh kengash — 28 deputatdan iborat bir palatali parlament. Ijroiya hokimiyat oliy organi — Ijroiya kengash (hukumat). Andorra Pireneyning Janubiy yon bag’rida, Valira daryosi (Ebro havzasi) va uning irmoqlari vodiysida joylashgan. Muzliklardan hosil bo’lgan ko’llar bor. Iqlimi subtropik, yiliga 1000-2000 millimetr yog’in yog’adi. Tog’lari Dub, Buk va Archapixta o’rmonlari bilan qoplangan, baland Alp va Alp o’tloqlari bor. Andorra xo’jaligining asosiy tarmoqlari — qo’ychilik va dehqonchilik. Arpa, javdar, kartoshka, sabzavot, uzum, tamaki yetishtiriladi. Oziq-ovqat sanoatining kichikroq korxonalari, GESlar, xunarmandchilik ustaxonalari bor. Chet el turizmi katta daromad keltiradi. Har yili mamlakatga 13 millionga yaqin sayyoh kelib ketadi. Andorradan chetga jun, pista ko’mir chiqariladi, chetdan oziq-ovqat va sanoat mollari keltiriladi. Aholi jon boshiga ichki yalpi mahsulot 15 ming AQSh dollariga to’g’ri keladi. Maktab ta’limi — frantsuz yoki ispancha tizimda. «Diari D’Andorra»— katalon tilidagi kundalik gazetasi, 1991 yilda asos solingan. «Poble Andorra» («Andorra xalqi») — katalon tilidagi haftanoma, 1974 yilda asos solingan. «Andorra radiosi» 1984 yildan buyon ishlaydi. «Antenna-7» deb nomlangan xususiy telekompaniya ham mavjud. Muzey, kutubxona, qadimgi hujjatlar arxivi, Arab (8-10-asrlar) va roman (12— 16-asrlar) me’morligi obidalari bor. Muomalada — frantsuz franki va ispan peseti.