ANDREYEV MIXAIL STEPANOVICH
ANDREYEV MIXAIL STEPANOVICH (1873.11.9 — Toshkent -1948.10.11) -etnograf, tilshunos, eronshunos olim. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi (1943), Rossiya Fanlar Akademiyasi muxbir a’zosi (1929), O’zbekiston va Tojikistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1945, 1944), Toshkent gimnaziyasini, Turkiston o’qituvchilar seminariyasini tugatgan. Toshkentdagi Eshonquli dodho madrasasida o’qigan (1894). 1897 yil Mo’g’uliston va Sharqiy Turkiston ekspeditsiyalarida ishtirok etadi. 1918-20 yillarda Turkiston Sharqshunoslik instituti, keyinroq O’rta Osiyo davlat untida sharqshunoslik fakulteti dekani. 1927-47 yillarda dotsent, so’ngra professor. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Tarix va arxeologiya institutida etnografiya bo’limini boshqargan (1944-48). U O’rta Osiyo miqyosida o’tkazilgan bir qancha etnografik ekspeditsiyalarga rahbarlik qilgan. Asosiy ilmiy asarlarida Turkiston xalqlarining urf-odati, e’tiqodi, san’ati va dini yoritilgan. Sharqiy Eron tillarining tasnifiga oid asarlari ham bor.