ANGOLA

ANGOLA (Angola), Angola Respublikasi (Republica de Angola) — Afrikaning Janubiy-g’arbidagi davlat. Atlantika okeani sohilida joylashgan. Ma’muriy jihatdan 18 viloyatga bo’lingan. Maydoni 1246,7 ming kilometr kvadrat, aholisi 11,5 million kishidan ortiq(1999). Poytaxti — Luanda shahri. Davlat tuzumi. Angola — respublika. 1975 yilda qabul qilingan va 1991 yilda tuzatishlar kiritilgan Konstitusiyaga binoan Angola demokratik, huquqiy davlat, asosiy maqsadi — tinchlik, adolat va ijtimoiy taraqqiyot asosida erkin demokratik jamiyat qurishdan iborat. Davlat boshlig’i — 5 yil muddatga saylanadigan prezident. U yana uch muddatga qayta saylanish huquqiga ega. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — 220 deputatdan iborat Milliy Assambleya. Ijrochi hokimiyat bosh vazir boshchiligidagi hukumatdir. Uning tarkibini prezident tayinlaydi va Milliy Assambleya tasdiqlaydi. Tabiati. Angola hududining ko’p qismi 1000 — 1500 metr balandliqdagi yassi tog’lardan iborat. G’arbdagi Biye tog’ havzasining eng baland nuqtasi — 2610 metrli Moko cho’qqisi. Atlantika okeani sohili bo’ylab torgina dengiz bo’yi pasttekisligi yastanib yotadi. Iqlimi tropik, qishda issiq, quruq, yozda nam. Eng issiq oydagi o’rtacha harorat 21 dan 29° gacha, eng sovuq oyda 15 dan 22° gacha. Mamlakat ichkarisida yog’ingarchilik 500 — 1500 millimetr, sohilda 50 — 500 millimetr. Eng katta daryolari: Kvanza, Kunene, Kubango va Kongoning irmoqlari — Kasai, Kvango. millimetr hududining bir qismidan Zambezi daryosi oqib o’tadi. Daryolari ko’p ostonali, gidroenergiya zaxiralari katta. O’simliklari yilning quruq faslida barg tashlaydigan savanna tipli va tropik o’rmonlardan iborat. Milliy bog’lari: Portu-Aleshandri, Kameya, Kisama, Muna. Aholisi. Aholining 96% ga yaqini bantu til oilasi xalqlari: Mbundu, Kongo, ovimbundu, Lugazi va boshqalarga mansub. Portugallar ham yashaydi. Rasmiy tili — portugal tili. Aholining 90% mahalliy an’anaviy dinga e’tiqod qiladi; qolganlari — katoliklar. Aholining o’rtacha zichligi -1 kilometr kvadratga salkam 5 kishi. Aholining 28% shaharlarda yashaydi. Eng katta shaharlari: Luanda, Lobitu, Uambo. Tarixi. Angola hududida 14 — asrdan Kongo davlati, 15 — asrdan Ndongo, Lundo, Bengela, 17 — asrdan Matamba va Kasanje davlatlari mavjud bo’lgan. 1482 yilda Angolada portugallar paydo bo’ldi. 16 — asrda ular qal’alar, shu jumladan San-Paulu-diluanda qal’asini (1576) barpo etdilar; bu qal’a kelgusida mamlakatni mustamlakaga aylantirish markazi bo’ldi. 17- asrda Ndongo va Matamba davlatlarining ayol hukmdori zinga Mbandi Ngola portugal bosqinchilariga qarshilik ko’rsatish kurashiga boshchilik qildi. Uning vafotidan keyin Ndongo davlati portugal mustamlakachilarining zarbalari ostida parchalanib ketdi. Lundo davlati 19 — asr oxirigacha mustaqilligini saqlab qoldi. Amalda Portugaliya Angolaning butun hududini 20 — asrning 20 — yillari boshlaridagina egallab oldi. 19 — asr o’rtalarigacha Angolada qul savdosi davom etdi (300 yil mobaynida Angoladan salkam 5 million kishi olib ketildi). 1885 — 99 yillarda Portugaliya, Belgiya, Germaniya va Bukj Britaniya o’rtasida hozirgi Angola chegarasini belgilovchi bitimlar tuzildi. 1951 yilgacha Angola Portugaliyaning mustamlakasi maqomida bo’ldi. 1951 yilda Portugaliyaning «Dengiz orti viloyati» deb e’lon qilindi. Angola xalqi bosqinchilarga qarshi doimo kurashib keldi. 1961 yil Angolada boshlangan qurolli qo’zg’olon keyinchalik mustamlakachilarga qarshi umumxalq kurashiga aylanib ketdi. Unga uch siyosiy kuch: MPLA (Angola ozodligi xalq harakati), Unita (Angolaning to’la mustaqilligi uchun milliy ittifoq) va FNLA (Angola ozodligi milliy fronti) boshchilik qildi. 70 — yillarga kelib bu tashkilotlar mamlakat sharqidagi va Janubiy-sharqidagi anchagina joylarni ozod qilishga erishdi. 1974 yilda Portugaliyadagi fashistlar diktaturasi ag’darib tashlangach, demokratik hukumat Angola xalqining mustaqillikka bo’lgan huquqini tan oldi. 1975 yilda tuzilgan o’tish hukumatiga MPLA, unita, FNLA vakillari kirdi. Biroq guruhlar o’rtasidagi ixtiloflar natijasida hukumatning faoliyati to’xtab, mamlakatda fuqarolar urushi boshlandi. Unita Janubiy Afrika Respublikasi (JAR)ning madadi bilan MPLAga qarshi kurashdi. MPLA esa Kubadan yordam so’radi. 1988 yil mayda Angola, Kuba, JAR va AQSh o’rtasidagi muzokara yakunida imzolangan bitimga binoan Angoladan JAR va Kuba qo’shinlari olib ketildi. Xalqaro hamjamiyatning kuch-g’ayratlari tufayli 1991 yil 31 mayda MPLA hukumati va unita vakillari imzolagan hujjatlarga binoan 1992 yil 29 — 30 sentabr kunlari Angolada BMT vakillari kuzatuvida parlament va prezident saylovlari bo’lib o’tdi. Yangilangan Konstitusiya (1991 yil mart) ko’p partiyali demokratiya qoidasini mustahkamladi; 30 dan ortiqroq partiya ro’yxatga olindi. Angola 1976 yildan BMT a’zosi. Milliy bayrami — 11 noyabr — Mustaqillik e’lon qilingan kun (1975). Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. Angola ozodligi xalq harakati (MPLA) asosiy siyosiy kuch hisoblanadi. U 1956 yilda tuzilgan. Angolaning to’la mustaqilligi uchun milliy ittifoq (Unita) — soni va nufuzi jihatidan ikkinchi siyosiy kuch. O’zini tarixiy partiya deb hisoblovchi Angola ozodligi milliy fronti (FNLA) siyosiy maydonda alohida o’rinni da’vo qilmoqda. Xo’jaligi. Angola — iqtisodiy jihatdan kam rivojlangan mamlakat. Aholining 80% ga yaqini qishloq xo’jaligida band. Uning iqtisodiy ahvoliga so’nggi 15 yil mobaynida urush yetkazgan bevosita moddiy zarar salkam 20 millliard dollarni tashkil qildi. Tashqi iqtisodiy aloqa va tovar muomalasining asosiy hajmi G’arb mamlakatlariga to’g’ri keladi. Chetga chiqariladigan mahsulotining 90% dan ko’prog’i (asosan neft) AQSh, Braziliya, Yevropa mamlakatlariga ketadi. 1985 yildan Angola Yevropa hamjamiyatining qo’shib olingan a’zosi. 1989 yilda Xalqaro valyuta fondi va xalqaro ta’mirlash va taraqqiyot banki (XTTB)ga qabul qilingan. Qazilma boyliklari: — neft, olmos, marganes, uran, oltin, kvars, marmar, mis va polimetall rudalar. Mamlakat yalpi ichki mahsulotining 56% neft va neft mahsulotlariga to’g’ri keladi. Qurilish industriyasi rivojlanmoqda. Tsement, shina zavodlari, to’qimachilik fabrikalari, qishloq xo’jaligi xom ashyosini qayta ishlovchi (kofe, sholi oqlash, qand-shakar, baliq-konserva) korxonalari mavjud. Kofe, sizal, shakarqamish etishtiriladi. Makkajo’xori, oqjo’xori, sholi, banan, batat ham katta o’rin tutadi. Xurmo, araxis va tamaki tayyorlanadi. Qoramol, cho’chqa, echki boqiladi, ammo chorvachilik mamlakat ehtiyojini to’la qondirmaydi. Dengiz baliqchiligi rivojlangan. Temir yo’llari — 3,3 ming kilometr, avtomobil yo’llari — 80 ming kilometr, asfaltlangan yo’llari — 8,4 ming kilometr. Dengiz portlari Lobitu, Luanda va Kabinda. Luandada xalqaro aeroport bor. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari: G’arbiy Yevropa mamlakatlari, AQSh, Braziliya. Pul birligi — Kvanza. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. 1975 yil aholining 90% savodsiz bo’lgan. Mamlakat mustaqillikka erishgach, umumiy majburiy boshlang’ich ta’lim joriy etildi, pedagog kadrlar tayyorlash markazi tashkil qilindi. Luandada universitet (1963 yil tashkil etilgan),bir qancha ilmiy tadqiqot va ilmiy jamiyatlar, Milliy va munisipalitet kutubxonalari, tibbiyot tarixi va tarixiy-etnografik muzeylari bor. Matbuoti, radioeshittirishn, teleko’rsatuvi. «Jornal de Angola», «Korreyno da Semana» gazetalari, «Terra Angolana», «Progressu» jurnallari nashr etiladi. Davlat televideniyesi va radiosi portugal hamda mahalliy tillarda ko’rsatuv va eshittirish olib boradi. «Angola press» (angop) axborot agentligi mavjud. Adabiyoti. Angolada bantu tillari oilasiga mansub kimbundu, umbundu va boshqa tillarda boy og’zaki adabiyot mavjud. Yozma adabiyot asosan portugal tilida rivojlangan. Ilk davr (1855 — 1930) da kichik adabiy shakllar — she’r va feleton rivojlandi. Pedru Mashaduning «Afrika sahnalari» va Antoniu Di Asiz Juniorning «Marhumaning siri» romanlari mashhur bo’ldi. 1960 yilgacha mustamlakachilikni fosh qilish (Kashtru Soromenyuning «O’lik yer», 1949; «Burilish», 1957) Markaziy mavzu edi. Shundan keyingi davrda milliy ozodlik kurashi mavzui ustun bo’ldi. Ko’pchilik yozuvchilar quvg’inda bo’lganligi uchun Angola taraqqiyparvar adabiyoti asosan chet ellarda rivojlandi. Mundele Dia Kvanza, A. Neto, K. Andradi, M. Di Anradi, L. Vieyra kabi yozuvchilarning qissa, she’r, dostonlari yuzaga keldi. Mustaqillikka erishilgandan keyin demokratik o’zgarishlar uchun kurash asosiy mavzu bo’lib qoldi. . Me’morligi va tasviriy san’ati. Angola qishloqlari doira shaklida qurilgan. Turar joylari to’g’ri burchakli (ba’zan doirasimon) shaklda, qoziq sinchlar shoxshabba b-n o’raladi yoki loy bilan suvaladi. Yevropaliklar kelgach, shaharlar paydo bo’ldi, ulardagi uylar portugalcha toifada, barokko va ilk klassisizm shakllarida kurila boshladi. 20 — asrdan yangi konstruktsiyada yangi materiallardan zamonaviy binolar tiklandi. Angolada qadimdan amaliy bezak san’ati: yog’och o’ymakorligi (odam va hayvon haykalchalari, mebel naqshinkorligi), hashak va somondan to’qimalar, naqshin sopol buyumlar yasash rivojlangan.