ANGOR TUMANI

ANGOR TUMANI — Surxondaryo viloyatidagi tuman. 1952 yil 16 aprelda tashkil etilgan. 1962 y. il4 dekabrda Termiz tumaniga birlashtirilgan. 1979 yil 4 dekabrda qayta tuzildi. Angor tumani viloyat janda joylashgan. Termiz, Muzrabot, Sherobod, Qiziriq va Jarqo’rg’on tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,39 ming kilometr kvadrat. Aholisi 85 ming kishi (1997). Angor tumanida 1 shaharcha (Angor) va 7 qishloq fuqarolari yig’ini (Istiqlol, Do’stlik, Zang, Navoiy, Tallimaron, Yangiobod, Qayran) bor. Markazi — Angor shaharchasi. Angorda miloddan avvalgi 6 — 4 — asrlarda aholi manzillari bo’lgan. Kushan podsholigi davrida (1-3 — asrlar) dehqonchilik vohasi tarkib topgan. Zartepa qal’asi Angorning markazi bo’lgan. 6 — 7-asrlarda qal’alar, qo’rg’onlar vujudga kelgan. O’tmishda Angor Termizga boradigan savdo karvoni qo’nib o’tadigan qishloq hisoblangan. Tabiati. Tuman viloyatning eng Janubda joylashgan. Shimolda Qiziriq, g’arbda Xotinrabot dashtlariga tutashgan. Shimolda Xovdog’, Janubi-sharqida Qoraqir qirlari bor. Ular orasida Kattaqum joylashgan. Iqlimi quruq subtropik iqlim. Qishi qisqa, iliq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 2 — 3°. Yozi issiq, davomli. Iyulning o’rtacha temperaturasi 31 — 32°. Yiliga 120 — 130 millimetr yog’in tushadi. Vegetatsiya davri 300 kun. Tuman hududining g’arbiy qismidan Sherobod daryosining quyi qismi oqib o’tadi. Zang kanalidan tarmoqlanadigan ariqlardan sug’oriladi. Tuprog’i bo’z, taqir, qumloq tuproq. Tuproq sho’rlanishini kamaytirish uchun tuman hududi bo’ylab shimoli- sharqdan Janubi-G’arb yo’nalishida zovur qazilgan. Sho’ra, yantoq, jing’il, qiyoq, qamish, burgan kabi cho’l o’simliklari o’sadi. Tuman hududining ko’p qismi o’zlashtirilganligi sababli cho’ldashtga xos yovvoyi hayvonlar deyarli uchramaydi. Aholisining aksari qismi o’zbeklar; shuningdek tojik, turkman, rus, tatar, yahudiy va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1 kilometr kvadratga o’rtacha 218 kishi to’g’ri keladi. Aholisining 90% dan ortig’i qishloqlarda yashaydi. Xo’jaligi. Angor tumanida 8 jamoa xo’jaligi, 104 dehqon-fermer xo’jaligi, 36 hissadorlik jamiyati, 123 kichik korxona, 7 sanoat korxonasi bor. Tuman g’alla, paxta va sabzavot-poliz mahsulotlari etishtirishga ixtisoslashgan. Bog’dorchilik va tokchilik bilan ham shug’ullaniladi. 1999/2000 o’quv yilida 40 dan ortiq umumiy ta’lim maktabida 20559 o’quvchi ta’lim oldi. 20 mingdan ziyod maktabgacha tarbiya muassasasi, muallimlar tayyorlash, kasb-hunar litseyi, 2 iqtidorli bolalar liseyi mavjud. 30 kutubxona, madaniyat uyi, 14 qishloq klubi, Angor shaharchasida A. Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog’i, «Orzu» kinoteatri aholiga xizmat ko’rsatadi. Markaziy kasalxona, 8 qishloq ambulatoriyasi, 52 feldsher-akusherlik punkti, 2 poliklinika, Markaziy stadion, 12 sport zali, 28 futbol maydonchasi ishlab turibdi (2000).