ANGREN GRES

ANGREN GRES, Angren issiqlik elektr stantsiyasi — O’zbekiston energetika tizimidagi yirik inshoot. Angren shahri yaqinida 1957-63 yillarda qurilgan. Stansiyada har birining quvvati 60,5 MVt bo’lgan 8 turboagregat bor. O’rnatilgan quvvati 484 MVt. Asosiy yoqilg’isi — Angren ko’mir konidan qazib olinadigan qo’ng’ir ko’mir. GRES Ohangaron daryosidan suv bilan ta’minlanadi, Olmaliq — Ohangaron sanoat zonasiga hamda Toshkent viloyatidagi xo’jaliklar va sanoat korxonalariga elektr energiyasi yetkazib beradi. O’zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg’iziston va Qozog’istonning Janubdagi viloyatlarini birlashtirgan O’rta Osiyo Birlashgan energetika sistemasiga ulangan.