ANGREN OLTIN BOYITISH FABRIKASI
ANGREN OLTIN BOYITISH FABRIKASI — oltin rudasini boyituvchi fabrika, «O’zbekolmosoltin» uyushmasi tarkibiga kiradi, Toshkent viloyati Angren shahridan 6 kilometr uzoqliqda, shaharning g’arbida joylashgan. 1971-73 yillarda qurilgan. Fabrikada Ko’chbuloq, Qizilolmalisoy va boshqa oltin konlaridan qazib olingan ruda qayta ishlanadi (qayta ishlanadigan rudalar tarkibida 40 ga yaqin minerallar uchraydi). Fabrikada olingan gravio – va flotokon-tsentratlar yana qayta ishlash uchun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatita jo’natiladi. Fabrikada ishlab chiqariladigan mahsulotdan oltin, kumush, mis, selen, tellur, vismut kabi metallar olinadi. Fabrika 1992-93 yillarda «O’rta Osiyo rangli metallar» loyiha ilmiy tadqiqot instituti loyihasi asosida rekonstruktsiya qilindi va ishlab chiqarish quvvati ikki marta oshirildi. Fabrika negizida qimmatbaho metallarni qazib olish va qayta ishlash bo’yicha Nyumont (AQSh), Misui (Yaponiya) kompaniyalari bilan hamkorlikda yopiq turdagi «Angrengold-Kompani» qo’shma korxonasi barpo etish bo’yicha shartnoma imzolandi (1997).