ANGREN «SANOATKARTONSAVDO» AKTSIYADORLIK JAMIYATI

ANGREN «SANOATKARTONSAVDO» AKTSIYADORLIK JAMIYATI — turli qog’oz o’ramlari, 2, 3 va 5 qatlamli gorflangan qalin qog’ozlar, mikrogofkarton, turli tarkibdagi silikat yelimi va boshqa xalq iste’moli mollari ishlab chiqaradigan korxona. «O’zbekmebel» davlat aktsiyadorlik birlashmasi tarkibiga kiradi, 1988 yilda Angren karton idishlar fabrikasi, so’ngra Angren karton kombinati nomlari bilan atalgan. 1994 yildan hozirgi nomda va ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyati. Korxonada Frantsiya («Martin» firmasi), Rossiya, Germaniya firmalari bilan o’zaro hamkorlik yo’lga qo’yildi. 1996 yilda mahalliy xom ashyo — paxta chiqindisi, g’o’zapoya, kanop, bug’doy somoni, sholi poxolidan yiliga 40 ming tonna tsellyuloza ishlab chiqarish liniyasi ishga tushirildi. Har yilgi o’rtacha 57 ming metr kvadrat qalin qog’oz, 198,7 tonna yelimlangan qalin qog’oz, 13,7 ming metr kvadrat gofr-karton ishlab chiqaradi. Sanoat korxonalari uchun jahon standartlariga mos turli xildagi va shakldagi mayda, ixcham kugachalar, xaltachalar, qog’oz qoplar, turli idishlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Korxonani rivojlantirish maqsadida chet el sarmoyalari ham jalb etilmoqda.