ANIQLOVCHI

ANIQLOVCHI — gapning ikkinchi darajali bo’lagi. Narsa, hodisa nomiga tobelanib, uning belgisi (xususiyati, sifati) ni anglatadi. Aniqlovchining uch turi mavjud: a) izohlovchi Aniqlovchi (boshqa nomni bildiradi, masalan, o’zbek shoiri Furqat); b) sifatlovchi Aniqlovchi (masalan, keksa tog’lar); v) qaratuvchi Aniqlovchi — belgili yoki belgisiz qaratqich kelishigi shaklidagi so’z bilan ifodalanadi (masalan, suvning beti yoki suv beti).

ANIQLOVCHI (determinant) — matematik tushuncha. Aniqlovchi nazariyasi ixtiyoriy chiziqli algebraik tenglamalar sistemasini yechish yo’lida vujudga kelgan bo’lib, 18-asr ikkinchi yarmi va 19-asr birinchi yarmida yaratildi. Aniqlovchi iborasi K. Gauss tomonidan kiritilgan; hozirgi belgilanishi ingliz matematigi A. Keliga mansub.