ANNEKSIYA

ANNEKSIYA (lot. annexio – birlashtirish, qo’shilish) — bir davlat hududini butunlay yoki qisman zo’ravonlik bilan egallab olish yoki o’z davlatiga qo’shib olish siyosati, agressiyaning bir turi; shundan, elatlarni begona davlat chegaralarida zo’rlik bilan tutib turish. Anneksiya hozirgi xalqaro huquqning, jumladan kuch qo’llamaslik va kuch bilan xavf solmaslik prinsipi, millatlar o’z taqdirini o’zi belgilash huquqining buzilishi hisoblanadi. Masalan, Arab mamlakatlari hududining bir qismini Isroil davlati tomonidan bosib olinishi (1948 va 1967-yil.) Anneksiyaga misol bo’ladi. Anneksiya odatda tegishli hududga harbiy tuzilma kiritishda ifodalanadi, ya‘ni bu hududni egallab olish yoki zabt etishdir. Biroq Anneksiya davlat tegishli hududni o’zining bir qismi deb e‘lon qilishi tariqasida ham bo’lishi mumkin, bu mazkur hududga yana kimdir tajovuz qilganida unga nisbatan qurolli kuchlarning qo’llanishini anglatadi.