ANOR
ANOR (Punica granatum L.) —anordoshlar (anorgullilar oilasi) ga mansub, subtropik meva o’simligi; bo’yi 2-10 metr daraxt yoki buta. Vatani O’rta Osiyo, Ozarbayjon, Eron va Afg’oniston; yovvoyi turlari O’rta dengiz atrofi, O’rta Osiyoning Janubda, Qrim, Kavkaz, Eron, Afg’oniston, Old Osiyo va Dog’istonda uchraydi. O’zbekistonda Quva, Namangan, Denov va kitob (Varg’anza) tumanlari a’lo sifatli Anorlari bilan mashhur. Botanik tavsifi. Barglari mayda, nashtarsimon, shoxlari tikanli (shirin mevalisida tikani kamroq). Iyun—iyulda gullaydi. Gullari ikki jinsli, yirik (diametri 8 santimetrgacha), och qizil, shoxi uchida bitta, ikkita, ba’zan beshtagacha joylashadi. Urug’chisi (onaligi) normal rivojlangan, ko’zachasimon guli meva tugadi, urug’chisi qisqa, qo’ng’iroqsimon gullari odatda meva tugmaydi. Anor chetdan changlanadi. Mevasi yirik, dumaloq, qizg’ish (qizil po’st) yoki oqish (oq po’st) bo’lib, og’irligi 250-1000 gramm keladi. Mevasi 6-12 uya (xona) li, doni och pushti yoki to’q qizil. Ta’mi shirin, chuchuk-nordon va nordon, sersharbat (40-60%), tarkibida 14-21% qand, 0,3—9% limon kislota, tanin, vitamin V, S bor. Pusti 29-50%, doni 10— 20% ni tashkil etadi. Mevasi, po’sti, ildiz po’stlog’ida 28% gacha oshlovchi moddalar bor. Xo’jalik ahamiyati. Anor asosan, meva sifatida iste’mol etiladi. Anordan qandolat va tibbiyotda keng foydalaniladi, teri oshlashda va gazlamalarni bo’yashda ishlatiladi. Gulbargi va meva po’stidan bo’yoq, donidan sharbat tayyorlanadi. Yovvoyisidan limon kislota olinadi. Ba’zi turlari xushmanzara o’simlik sifatida ekiladi. Biologik xususiyatlari. Anor asosan, qalamchadan ko’paytiriladi. Unumdor qumoq, nami yetarli tuproqlarda yaxshi o’sadi. Qurg’oqchilikka chidamli, lekin namsevar. Erning unumdorligiga qarab, ko’chat oralig’i 4×4 va 5×4, tomorqalarda 3×3 metr qilib ekiladi. O’zbekiston sharoitida kech kuzda xashak, qamish bilan yopiladi yoki tuproqqa ko’milib, bahorda ochiladi. Vegetatsiya davri 180-215 kun. Yozdan kuzgacha gullaydi. Mevasi 120-160 kunda— sentabrning ikkinchi yarmida pishadi. — 15° -17° sovuqqa chidaydi, — 20° da yer usti qismi (tanasi)ni sovuq urib ketadi. Anor 3-4 yoshdan meva tuga boshlaydi, 8-10 yoshdan to’liq hosilga kirib, 30-40 yil meva beradi. Hosildorligi 200 tsentner/gektargacha boradi. Agrotexnikasi. Anor ko’chati eqilganidan keyin birinchi yildan boshlab 30-40 santimetr balandlikda 4-5 ta asosiy shox qoldirib past bo’yli daraxt ko’rinishida yoki 3-4 asosiy shox qoldirib butasimon shakl beriladi. Har yili qurigan, nimjon rivojlangan, eskirgan o’zak novdalar kesib turiladi. Vegetatsiya davrida 6-10 marta sug’oriladi, qator oralari yumshatiladi, begona o’tlardan tozalanadi, oziqlantiriladi. Zararkunandalari — mevaxo’rlar, bitlar, kanalar; kasalligi — novdalar qorasoni. Navlari. Kollektsiyalarda Anorning 69 navi hisobga olingan. Lekin O’zbekistonda ixtisoslashgan xo’jaliklarda asosan achchiqdona va qozoqi Anor ko’p ekiladi, qay Anor, qizil Anor, oq dona, ulfi va boshqa navlari ham keng tarqalgan. Achchiq dona. Jaydari nav. Mevasi 400-600 gramm. Mazasi nordon, sharbati qizil, tarkibida 15-16% qand bor. Po’sti qalin, 5 oygacha yaxshi saqlanadi. Tupi 30-35 kilogramm hosil beradi. Farg’ona vodiysida keng tarqalgan. Qay Anor Jaydari nav. Mevasi yirik (500-700 gramm). Nordonxushxo’r, sharbati qizg’ish. Tarkibida 19-20% qand bor. Po’stining qalinligi o’rtacha, martgacha saqlanadi. Tupi 35-40 kilogramm hosil beradi. O’zbekistonning hamma viloyatlarida bor. Qizil Anor. Bu ham jaydari nav. Sharbati tarkibida qand 15-16%, po’sti yupqa, uzoq saqlashga chidamsiz. Qozoqi Anor. Xalq selektsiyasi yo’li bilan yetishtirilgan. Mevasi 250-300 gramm, ayrimlari 600— 700 gramm. Mazasi nordonshirin, sharbati qizil. Tarkibida 18-19% qand bor. Po’sti qalin, 6 oygacha saqlanadi. Tupi 50-60 kilogramm hosil beradi. Toshkent, Andijon, Surxondaryo viloyatlarida keng tarqalgan. Oq dona (shirin anor) Anor. Jaydari nav. Mevasi 250-350 gramm, ayrimlari 500-600 gramm. Mazasi shirin. Sharbati pushti, tarkibida 19— 21% qand bor. Po’sti yupqa yoki o’rtacha qalinlikda, qizg’ish-pushti, ba’zisi oq, 2-3 oy saqlanadi. Tupi 25-30 kilogramm hosil beradi. O’zbekistonning ko’pchilik viloyatlarida o’stiriladi. Mahmud Mirzayev, Rixsivoy Jo’rayev.
ANOR, Anorgul —anor ko’rinishidagi islimiy naqsh turi; kulollik, naqqoshlik, kashtachilikda keng qo’llaniladi. Anor tasviri qadimdan to’qchilik va to’kin-sochinlikni ifodalagan. Anor gohida aynan o’zi, gohida uslublashtirib ifodalanadi. Ba’zan uning kesimi va ichidagi donalari ham tasvirlanadi. Bunda idishning shakliga mos tushgan yorqin bo’yoqli naqsh nafis ko’rinadi, nur ta’sirida sir tovlanib, jonli manzara hosil bo’ladi. Har bir bezakning shakli va qayerda ishlatilishi ustalarning noziq didiga bog’liq. Anor tasviri xalq amaliy san’atining boshqa turlarida ham qo’llaniladi. Jumladan Anor naqsh sifatida o’zbek milliy to’qimachiligida 19-asrning 2-yarmida keng tarqaldi. Masalan, dasturxon va shu kabi buyumlar guli anorsimon gul shaklida bo’yalgan.