ANOREKSIYA

ANOREKSIYA (Yunoncha an — inkor qo’shimchasi va orexis — ishtaha) — ishtahaning yo’qolishi, ishtahadan qolish. Bosh miyadagi ovqat markazining tormozlanishidan kelib chiqadi. Turli hayajonlarda bosh miyaning haddan tashqari qo’zg’alishi, ruhiy hamda endokrin xastaliklar (masalan, Simmonds kasalligi), yuqumli kasalliklar, intoksikasiyalar, moddalar almashinuvining buzilishi, hazm a’zolarining kasalliklari (o’tkir gastrit, surunkali gastritning zo’riqishi, me’da raki, sanchiklar va boshqalar), ovqatni muntazam bir vaqtda yemaslik, uning ko’ngilga urishi, shuningdek ovqat vaqtidagi noxush vaziyat bosh miyadagi ovqat markazining tormozlanishiga sabab bo’ladi. Anoreksiya biror kasallik belgisi (simptomatik Anoreksiya) yoki asosiy kasallik (anorexia nervosa) bo’lishi mumkin. Anoreksiya uzoq davom etganda organizmni quvvatdan ketkazib, turli kasalliklarga moyil qilib qo’yadi.