ANQARA
ANQARA — Turkiya Respublikasining poytaxti, Anqara elining ma’muriy markazi. Aholisi 4 million kishi (shahar atrofi bilan, 1997). Shahar Anadolu yassitog’ligida, Anqara va Chubuk daryolari tutashgan joyda, dengiz sathidan taxminan 890 metr balandlikda. Temir yo’l va avtomobil yo’llari tuguni, xalqaro aeroport bor. Mamlakatning yirik sanoat, savdo va madaniyat markazi. Anqara Kichik Osiyoning ko’hna shaharlaridan biri; miloddan avvalgi 7-asrdan Osiyoni Yevropa bilan bog’lagan savdo yo’llaridagi Rim imperiyasiga qarashli muhim savdo markazi sifatida ma’lum. 11-asrdan Anqara saljuqiy turklar tasarrufida. 14-asr 1 yarmidan Usmonlilar saltanati tarkibidagi Anqara poshsholigining ma’muriy markazi. 1402 yil 20 iyulda Anqara yonida katta jang bo’lgan. 1864 yildan esa viloyat markazi. 1920 yil 23 aprelda Anqarada Turkiya Buyuk millat Majlisi ochildi va unda yangi milliy hukumat tashkil etildi. 1923 yil 13 oktabrdan Anqara Turkiya poytaxti, 1923 yil 29 Oktabrdan Turkiya Respublikasining poytaxti deb e’lon qilindi. Anqarada Turkiyaning asosiy harbiy sanoat (o’qdori, qurolaslaha, samolyot zavodlari), mashinasozlik va metallsozlik, elektrotexnika, tsement, yog’ochsozlik, to’qimachilik, oziq — ovqat, poligrafiya sanoati korxonalari bor. Anqara da bir necha universitet, konservatoriya, Otaturk nomidagi pedagogika instituti, tasviriy san’at akademiyasi, oliy texnika maktabi, bir qancha hunar o’quv yurtlari, teatrlar, muzeylar, kutubxonalar, kinoteatrlar va boshqa ilmiy-madaniy muassasalar bor. Shahar 2 qismdan iborat. Shimol yoki eski Anqarada o’rta asr me’moriy yodgorliklari saqlanib qolgan. Anqara poytaxt bo’lgach, uning Janub qismida zamonaviy binolar qurilgan.