ANSORLAR

ANSORLAR (Arabcha — yordamchilar, safdoshlar) — Muhammad (sav) sahobalari bir tabaqasining nomi. 622 yil Makkadan Madinaga ko’chib borgan musulmonlar (muhojirlar)ga va Muhammad (sav) ga yordam bergan hamda Islom dinini qabul qilgan madinalik Avs va Hazraj qabilalarining a’zolari. Ansorlar muhojirlar bilan birga ilk musulmonlar jamoasini tashkil etgan. Ansorlar Badr jangidan e’tiboran Muhammad (sav) ning makkalik mushriklarga qarshi yurishlarida faol ishtirok etdilar. Keyingi siyosiy voqealarda ham Ansorlarning roli katta bo’ldi. Muhammad payg’ambar vafotidan so’ng ular o’z ichlaridan xalifa saylashga urinib ko’rdilar. Lekin Avs va Hazraj qabilalari o’rtasidagi raqobat bunga yo’l qo’ymadi.