ANTANANARIVU

ANTANANARIVU (Tananarive) — Madagaskar Respublikasining poytaxti. Antananarivu provintsiyasining ma’muriy markazi. Madagaskar orolining Markaziy qismidagi platoda joylashgan. Aholisi 802 ming kishi (1990). Mamlakatning iqtisodiy markazi. Antananarivu Tamatave porti va Antsirabe shahri bilan temir yo’l orqali tutashgan. Avtomobil yo’llari tuguni. Antananarivudan 50 kilometr narida xalqaro aeroport bor. Sanoati oziq-ovqat (go’sht konservalash, sholi oqlash), charm poyabzal, kimyo, tikuvchilik, yog’ochsozlik korxonalaridan iborat. Universitet, tibbiyot va farmakologiya, adabiyot va sosiologiya millim maktablari, Fanlar Akademiyasi, tarix va xalq san’ati muzeylari, teatrlar, rasadxona, botanika bog’i bor. Antananarivu 17-asr 1-yarmida bunyod etilgan. 17— 19-asrlarda Madagaskar qirollarining qarorgohi. 1895 yilda Antananarivuni Frantsiya qo’shinlari egallagach, Tananarive nomi bilan Frantsiyaning Madagaskar mustamlakasi ma’muriy markazi. 1960 yil 26 iyundan mustaqil Malagasi Respublikasining, 1975-92 yillar Madagaskar demokratik Respublikasining poytaxti.