ANTIFILTRATSION QOPLAMALAR
ANTIFILTRATSION QOPLAMALAR, suv sizishiga qarshi qoplamalar — sug’orish kanallari, hovuzlar, suv omborlari, turli gidroinshootlar tubi va yon bag’irlarini qoplashda qo’llaniladigan maxsus materiallar. Suvning sizishini bartaraf etish yoki kamaytirish maqsadlarida ishlatiladi. Suv inshootlari qurilishida qoplamalarning quyidagi asosiy zichlangan xillari qo’llaniladi: grunt, yaxlit beton, yig’ma temir-beton, asfaltbeton, yaxlit yig’ma beton yoki zichlangan grunt katlami bilan himoyalangan polimer, polietilen va polivinilxlorid pardali ekran. Shuningdek, suv o’tkazmaslik uchun gruntlarni mexanik shibbalash (shibbalangan gruntlar) va kanal oqiziqlari hamda muallaq zarrachalari erdamida o’zanni sun’iy kolmataj kilish (kolmataj qilingan gruntlar) kabi usullar ham qo’llaniladi. Aksariyat Antifiltratsion qoplamalar ikki va undan ortiq qavatli elementdan iborat bo’ladi, ammo sharoitga qarab ularning har birini mustaqil qo’llash mumkin. Antifiltratsion qoplamalarning ko’pi beton yoki temir-beton plitalardan quriladi; plitalar choki va oralig’i neft hamda polimer mahsulotlaridan tayyorlanadigan maxsus elastik material — germetik bilan to’ldiriladi. Antifiltratsion qoplamalar materiali tipi maxalliy sharoitlar (tuproq-grunt, relyef va boshqalarning tuzilishi) va inshootlarning vazifasiga qarab texnik-iqtisodiy hisoblar asosida tanlanadi (masalan, tagi pardali yaxlit yig’ma beton 35 — 40 yil xizmat qiladi). Kanallarga qoplamalar yotqizish suvning sizishini 25 — 30% kamaytirishga, uning f.i.k.ni 0,91 -0,99 ga yetkazishga imkon beradi. Antifiltratsion qoplamalar kanal zonasida grunt suvlari sathining ko’tarilishini, tuproqning zaxlanishi va qayta sho’rlanishini, kanal qirg’oqlarining o’pirilishi va o’zan deformasiyasini bartaraf etadi, kanallarning o’t bosishini kamaytiradi, natijada suvning oqish tezligi, kanalning suv o’tkazish imkoniyati ortadi. Hozir Antifiltratsion qoplamalar yotqizish to’la mexanizatsiyalashtirilgan. O’zbekistonda xo’jaliklararo kanallar (32,4 ming kilometr) ning 9,7 ming kilometrga beton qoplama yotqizilgan (1995). Shuhrat Mahmudov.