ANTIFON

ANTIFON (Yunoncha antiphonos — javoban sadolanuvchi; anti — qarshi va phon — ovoz, tovush) — ikki xorning yoki yakkaxon xonanda bilan xorning navbatma-navbat kuylashi. Kelib chiqishiga ko’ra yunon fojiasi bilan bog’liq bo’lib, unda xor ikkiga ajralib kuylagan. Keyinchalik turli cherkov xorlariga, jumladan xristian diniy-musiqiy marosimiga kiritilish. Antifon uslub sifatida Yevropa kompozitorlarining ko’p asarlarida qo’llanilgan. O’zbek xalqi musiqasida ham Antifon uslubi mavjud, ayniqsa, an’anaviy katta ashula, Yalla va boshqalar ijrochiligida kuzatiladi. «Shashmaqom»ning aytim yo’llarini ijro etishda yakkaxon bilan bir guruh xonandalar yoki ayollar bilan erkaklarning navbatma-navbat kuylashi ham Antifon hisoblanadi. M. Burhonov, S. Boboev, B. Umidjonov va boshqa o’zbek kompozitorlarining jo’rsiz xor uchun yaratgan asarlari ham Antifonga misol bo’ladi.