ANTIMUTAGENLAR
ANTIMUTAGENLAR (Yunoncha ami — qarshi va mutagenlar) — sun’iy (indusirlangan) yoki tabiiy (spontan) mutasiyalarning paydo bo’lishini kamaytirish xususiyatiga ega moddalar. Antimutagen ta’sirga ega bo’lgan preparatlar turli tipdagi kimyoviy birikmalardan iborat: purinli ribozidlar; alifatik poliaminlar; akridin va uning aminli hosilalari; xinakrin va uning analoglari; benzakridin va xinolin hosilalari; antibiotiklar (streptomisin, Xloramfenikol, aktinomisin D); sulfanilamidli preparatlar; digidropiridinlar va 3-oksipiridinlar; ba’zi aminokislotalar; fenolli birikmalar (g’allatlar, ionol, parakvatlar, katexinlar); aminopropionli kislotalarning anilidlari va boshqalar. Basharti kimyoviy mutagenlar tabiiy (spontan) mutasiyalarning vujudga kelishida muhim ahamiyatga ega ekan, demak hujayralarda bu mutagenlar qarama-qarshi ta’sir ko’rsatuvchi antimutagen kuchga ega, ammo asosiy vazifasi mutasiyalarning tabiiy sodir bo’lish tezligini susaytirishdan iborat buffer tizim ham bo’lishi kerak. Katalaza shunday ta’sirga ega. Katalaza ishtirokida vodorod peroksidining mutagen ta’siri tezda to’xtaydi. Atrof muhit omillari (radiasion, kimyoviy va boshqalar) mutagen ta’siri xavfining tobora oshib borishi sababli, universal Antimutagenlarni yaratish muammosi o’ta muhim amaliy ahamiyat kasb etadi.