ANTIPIRENLAR
ANTIPIRENLAR (anti … va Yunoncha rug — olov) — yog’och, mato va boshqa organik materiallarni o’z-o’zidan yonib ketishdan himoya qilish maqsadida ularga shimdiriladigan modda yoki aralashmalar. Antipirenlar ta’sir xususiyatlariga qarab quyidagi xillarga bo’linadi: 1) quyi temperaturalarda zich suyuq parda hosil qilib materialning yonishi uchun zarur bo’lgan kislorod yo’lini to’suvchi Antipirenlar; 2) qizdirilganda materialning o’z-o’zidan yonish jarayonini susaytiruvchi Antipirenlar; 3) parchalanib, ko’p miqdordagi issiqlikni yutuvchi va yonmaydigan gazlar hosil qiluvchi Antipirenlar; 4) gaz holidagi va kondensirlangan fazalarda oksidlanishni susaytiruvchi Antipirenlar; 5) reaktsiya yo’nalishini kul va qurumsifat mahsulotlar hosil bo’lish tarafiga o’zgartiruvchi Antipirenlar Ammoniy fosfatlari (diammoniy fosfat, monoammoniy fosfat, mono — va diammoniy fosfat aralashmalari), ammoniy sulfat, bura va borat kislota kabi Antipirenlar keng tarqalgan. Amaliyotda yuqorida keltirilgan Antipirenlar qatorida endigina boshlangan alangadan himoya qiluvchi moddalar: DSK-P (diammoniy fosfat, ammoniy sulfat va kerosinli kontakt), PPL — potash va kerosinli kontakt asosidagi suyukliklar, FAM — mochevina — formaldegidsmola qo’shilgan furfurolaseton aralashma asosidagi bo’yoq, PXVO — perxlorvinil smola asosidagi, MXS — xlorparafin va boshqa komponentlar asosidagi moysimon; superfosfat — oxak — loy va boshqa asosidagi surkov moylari ham ishlatiladi.