ANTITIREOID MODDALAR
ANTITIREOID MODDALAR (tireostatik preparatlar) — qalqonsimon bez faoliyatini susaytiradigan dorilar; asosan shu bez faoliyati kuchayganda tavsiya etiladi. Antitireoid moddalar yodli birikmalarning oksidlanishini va tireoid gormonlar molekulasiga yod qo’shilishini boshqaruvchi ferment tizimlari faoliyatini susaytirib, qalqonsimon bezda gormonlar biosintezini to’xtatib qo’yadi (blokada) va bu bezni kattalashtiradi. Sintetik yo’l bilan olingan juda ko’p dorilar, asosan tiourasil, tiomochevina hosilalari, paraaminosalisilat kislota, sulfanilamid, tiosianatlar va boshqalar. Antitireoid moddalarga kiradi. Ba’zi o’simliklar, masalan, karam, sholgom va boshqalarda ham antitireoid ta’sir ko’rsatadigan birikmalar kam miqdorda uchraydi. Sintetik Antitireoid moddalar tireotoksikozni davolashda keng qo’llaniladi.