ANTROPONIMIKA

ANTROPONIMIKA (antropo … va Yunoncha opuma — nom) — onomastikaning bo’limi. Odamlar ismini, ularning tarqalganligi, kelib chiqishi, jamiyatda amalda qo’llanishini va bundan tashqari antroponimik tizimlar tuzilishi hamda rivojlanishini o’rganadi. Atoqli ot turlari, taxallus, laqab, nisba va shaxsni atashlikning turli usullari ham Antroponimika tadqiqot manbaidir. Masalan, Sohibqiron Amir Temur Tarag’ay Bahodir Ko’ragoniy. Bunda faqat Temur shaxsning xos ismi, Amir — hukmdorlik darajasini anglatadi, Sohibqiron — Temurga zamondoshlari tomonidan berilgan sifat (asr, davr sohibi degan ma’noni bildiradi), Tarag’ay — otasining ismi (familiya hisoblanadi), Bahodir — otasining laqabi, Ko’ragon — xonga kuyovlik nisbasi. Dunyodagi turli xalqlarda turlicha antroponimik tizim mavjud bo’lgan. Masalan, Qadimgi Rimda har bir erkak xos ismi oldidan keladigan nomga — avloddan avlodga o’tadigan urug’nomiga ega bo’lgan, bu urug’ning shajarasini tavsiflagan. Hozirgi Ispaniya va Portugaliyada bir kishi bir necha xos (katolik cherkovi ro’yxatidan olinadigan) ismga, otasi va onasining familiyasiga ega bo’lishi mumkin. Islandiyada har bir kishi, bir necha xos ismga (cheklangan ro’yxatdan olingan) va familiya o’rnida otasining ismidan hosil bo’lgan nomga ega bo’ladi. Xitoy, Koreya, Vetnamda kishi nomi bir bo’g’inli familiyadan (turli davrda ular 100 dan 400 gacha bo’lgan) va xos (odatda ikkita bir bo’g’inli morfemadan tashkil topgan) ismga ega bo’ladi, xos ismlar miqdori cheklanmaydi. Antroponimika tizimida kipokoristika (erkalatib, kichraytirib atash — masalan, Laziz(jon), Dilobar(xon), Homid(cha), Ahmad(cha) va h.k.) alohida o’rin tutadi. Antroponimika ma’lumotlari tilshunoslikning boshqa sohalari uchun, jamiyatshunoslikda, xalqlar tarixini o’rganishda muhim ahamiyatga ega. Ernst Begmatov.