ANUSHAXON HAMMOMI
ANUSHAXON HAMMOMI — Xivadagi me’moriy yodgorlik. 1657 yil Ichan qal’adagi oq masjid yonida Abulg’ozixon tomonidan o’g’li Anusha Muhammad Sultonning Karmanadagi g’alabasi sharafiga qurilgan. Xammomga oq masjid yaqinidagi gumbazli kichik xonadan kiriladi. Hammom xonalari issiqni yaxshi saqlash uchun yer ostiga joylashtirilgan bo’lib, tashqaridan faqat gumbazlar ko’rinib turadi. Anushaxon hammomida daxliz, kiyimxona, sovuqxona, issiqxona, issiq suv turadigan hovuzcha, go’lax bor. Xonalarning o’zaro bog’lanishida qadimgi hammomlar an’analari takrorlangan. Suv tarnovlardan hovuzga yig’iladi. O’txona dudlari maxsus yo’llar orqali hammom xonalari ostidan o’tib, ularni isitadi va mo’rkon orqali tashqariga chiqadi. Issiq suvli hovuz atrofidagi to’rtta xona devordagi tuynuklar orqali suv bilan ta’minlanadi. Hammom pishiq g’ishtdan ishlangan. Ichki tomoni suvalgan, hech qanday bezak yo’q. 1984 yilda ta’mir qilinib, ishga tushirilgan.