APENNIN TOG’LARI

APENNIN TOG’LARI – Italiyadagi tog’lar, Apennin yarim oroli shimoli-g’arbi (Alp tog’lari) dan Janubi-sharqqa (Kalabriyagacha) cho’zilgan. Apennin tog’larining uzunligi Kalabriya tog’larini ham qo’shib hisoblaganda 1200 kilometr. Apennin tog’lari o’rtacha balandlikdagi, yon bag’irlari yotiq tog’lar. Eng baland nuqtasi 2914 metr (Korno tog’i). Tog’lar, asosan, qumtosh, gil va ohaktoshlardan iborat, lava qoplamlari uchraydi. Harakatdagi va o’chgan vulkanlar bor (Vezuviy va boshqalar). Binokorlik materiallari (asosan, marmar) ko’p. Iqlimi subtropik, O’rta dengiz atrofiga xos iqlim. G’arbiy yon bag’irlarda yillik yog’in 1000 — 2000 millimetr, sharqida, tog’ oralig’i havzalarida 600 — 800 millimetr. Apennin tog’laridan Tibr, Arno va boshqa daryolar boshlanadi. Mineral buloklar bor. Yon bag’irlarining quyi qismi zaytunzor, tokzor, tsitrus ekinlari va doim yashil dubzorlar bilan band; yuqorida kashtan, dub, qora qayin hamda igna bargli daraxtlar o’sadi. Eng baland qismi yaylov sifatida foydalaniladi.