APOLLON
APOLLON — yunon mifologiyasi va dinida Olimp xudosi, Zevs va Letoning o’g’li, shifo baxsh etuvchi, sohibkaromat va san’at homiysi. Apollonga sig’inish kichik Osiyoda boshlanib, miloddan avvalgi 2-ming yillikda Yunonistonga, u yerdan Rimga tarqalgan. Dastlab cho’ponlar homiysi, olmazorlar xudosi deb tanilgan. Uni she’riyat va musiqa homiysi sifatida ham e’zozlashgan. Qadimgi yunon san’atida Apollon qo’lida o’q yoy yoki musiqa asbobi ushlagan yosh yigit qiyofasida tasvirlangan.
APOLLON (Parnassius apollonius) — yelkanlilar oilasiga mansub kapalak, Yevropa, Kavkaz va G’arbiy Sibirning tog’li hududlarida (ba’zan pasttekisliklarda) tarqalgan, yoyilgan qanotlarining uzunligi 70 — 90 millimetrga yetadi. Ko’pchilik mamlakatlarda qizil kitobga kiritilgan. O’zbekiston hududida o’rta tog’ mintaqasida 1700 — 2100 metr balandlikda uchraydi. Bitta generasiyasi rivojlanadi. Qurt davrida qishlaydi. Kapalagi may — iyun oyida ucha boshlaydi. Uy hayvonlari sonining ortib borishi, yo’l va uy-joy qurilishi tufayli yashash muhitining o’zgarishi bilan Apollon soni keskin kamayib bormoqda.
«APOLLON» — astronavtlarning Oyga uchishi uchun mo’ljallab AQShda ishlab chiqilgan kosmik kema (kk) larning nomi, ularni ishlab chiqish va uchirish dasturi. Birinchi marta 1967 yil oxiri, 1968 yil boshlarida o’chirilgan «Saturn-5» eltuvchi raketa (yer) «Apollon»ni uchirish uchun mo’ljallangan. «Apollon» Oyga uchishni va oy atrofidagi orbitaga o’tishni ta’minlovchi ikki KKdan iborat. 1967 — 75 yillarda «Apollon» KKning «A-4», «A-5», «A-6», «A-7», «A-8», «A-9», «A-10», «A-11», «A-12», «A-13», «A-14», «A-15», «A-16», «A-17» markalari uchirildi. Ularda jami 38 astronavt uchirildi. «A-11″da oy sirtiga inson birinchi marta chiqarildi (1969 yil 16 iyul, N. Armstrong, E. Oldrin). Astronavtlar oy sirtida yurishni mashq qilishdi, oy sirtiga ilmiy asboblar o’rnatishdi. Oy jinsi namunalaridan 22 kilogramm yig’ishdi, oy sirtini fotosuratga olishdi, yer bilan telefonda gaplashishdi, Oy sirtiga AQSh bayrog’ini o’rnatishdi, halok bo’lgan astronavtlarning surati tushirilgan beshta medalni oy sirtiga qo’yishdi. Astronavtlar oydan erga televizor orqali ko’rsatib turildi. Oyga qo’nilgan joy «sokinlik bazasi» deb ataldi. Oy sirtida 1 soat-u 44 minut mobaynida mo’ljaldagi ishlarni bajargach, Oldrin kabinaga qaytdi, undan 10 minut keyin Armstrong ham kabinaga kirdi. Oyda 21 soat 36 minut bo’lgach, astronavtlar 21 iyul kuni oydan ko’tarildilar va selenosentrik orbitada ba’zi manyovrlarni bajargach, «Burgut» (oy kabinasi) ni «Kolumbiya» (asosiy blok) ga uladilar va unga o’tib, oy kabinasini ajratdilar, shundan so’ng maxsus dvigatelni ishga tushirib, yerga uchish traektoriyasiga chiqdilar. «A-11» 24 iyulda Gavay orollaridan Janubiy G’arbdagi Jonston oroli yaqinida tinch okeanga qo’ndi. Bioizolyatsiya kiyim-boshi kiydirilgan astronavtlar va KKning o’zi maxsus vertolyotda «Xornet» avianosetsiga keltirildi. Astronavtlar karantin muddatini o’tash uchun maxsus ajratilgan joyga olib ketildi.