APOSTOLLAR

APOSTOLLAR (Yunoncha apostolos — elchi; Islomda havoriy — shogird, izdosh ma’nosida) — ilk xristianlikning shakllanish davrida darbadar diniy targ’ibotchilar. Apostollar hali ruhoniylar paydo bo’lmagan davrlarda jamoadan jamoaga ko’chib targ’ibot yuritib, xristian dinining yoyilishida asosiy rol o’ynaganlar. Keyinchalik episkoplyar paydo bo’lgach, Apostollar yo’qolgan. Apostollar nomi faqat Iso Masihning shogirdlari hisoblangan 12 kishidagina (Ioann, Matfey, Pyotr, Pavel, Mark, Iakov, Iuda va boshqalar) saqlanib qolgan. Ularning dinni targ’ib qilish maqsadida boshqa xalqlar nomiga yozgan xatlari (poslaniya), shuningdek ularning faoliyati bayon etilgan «Apostollarning qilmishlari» kabi asarlar Bibliya rasmiy kanonining «Yangi ahd» qismiga kiritilgan. Apostollardan Pyotr katolik xristianlari tasavvurida cherkov va papalar diniy hokimiyatining asoschisi hisoblanib, Rim papalari o’zlarini Pyotr taxtining merosxo’rlari deb da’vo qiladilar. Xristianlik tarixi sohasida olib borilgan ilmiy tadqiqot natijasida 12 apostolning ko’pi tarixiy shaxslar emasligi aniqlangan. Ular to’g’risida aniq tarixiy ma’lumotlar yo’q.