APPENDIKS
APPENDIKS (lotincha appendix — o’simta) — ko’richakning pastki qismida joylashgan chuvalchangsimon o’simta. U ko’richakning embrional rivojlanishida o’smay qolgan qismidan paydo bo’lgan. Uzunligi o’rtacha 5 — 7 santimetr, ba’zan 18 — 20 santimetrgacha, diametri 3 — 7 millimetr bo’ladi. O’simta odatda osilgan holatda turadi, uzun bo’lsa, chanoq bo’shlig’igacha boradi. Ba’zida ko’richakning orqa tomonida joylashib, o’ng buyrakka tegib turadi. Appendiksning yallig’lanishi appendisit deb ataladi.