AQBA

AQBA, Aqaba (Arabcha — tog’ yo’li, dovon) — tarixiy geografik tushuncha. 9 — 10-asrlarda arabiynavis geograflarning asarlarida ko’p uchraydi. 10 — asrda fors tili da yozilgan «Hudud ul-olam» va «Tarixi Tabariy» asarlarida ham tilga olinadi. Hozir bu atama, asosan, geografik nomlar tarkibida qolgan. Turkiston, Zarafshon va Pomir tog’larida Aqba so’zidan tuzilgan o’nlab dovonni uchratish mumkin: Aqbaboshi, Aqbavodif, Aqbai Obburdan, Aqbai Gishxun, Choshi aqba va hokazolar. Bu atama axba, ag’ba, ovg’a shakllarida O’zbekistonning bir qancha joylarida turli xil ma’noda ishlatiladi. Masalan, Samarqand viloyati ba’zi tumanlarida dovonga chiqiladigan tik yo’lni ovg’a deyishadi va hokazolar.