AR-RIYOD

AR-RIYOD (Arabcha Ar-Riyoz — bog’, xiyobon) — Saudiya Arabistonining poytaxti, eng yirik shahri va Najd viloyatining ma’muriy markazi. Aholisi taxminan 2,2 million kishi (1992, shahar atrofi bilan). Shaharning qachon barpo etilgani to’g’risida aniq ma’lumot yo’q. 1821 — 19 asr 2-yarmidan (vaqti-vaqti bilan) Saudiylar davlatining poytaxti, 1902 yildan Najd amirligi, 1927-32 yillarda Hijoz, Najd va boshqa qo’shib olingan viloyatlar, 1932 yildan Saudiya Arabistoni poytaxti. Hozirgi Ar-Riyod —Saudiya Arabistonining yirik sanoat, savdo va madaniy markazi. Ar-Riyodda issiqlik elektr stansiyalari, binokorlik materiallari ishlab chiqaradigan, neftni qayta ishlovchi zavodlar, ko’plab hunarmandchilik korxonalari bor. Qishloq xo’jalik mahsulotlari qayta ishlanadi. Ar-Riyod Dammam porti bilan temir yo’l orqali bog’langan. Havo yo’llari orqali Ar-Riyod mamlakatning yirik shaharlari va bir qancha chet mamlakatlar bilan bog’langan. Shaharda harbiy akademiya, universitetlar, oliy texnika instituti bor.