ARABISTON YARIM OROLI
ARABISTON YARIM OROLI — Osiyodagi eng yirik yarim Orol; maydoni qariyb 3 million kilometr kvadrat, g’arbda qizil dengiz, Janubda Adan qo’ltig’i va Arabiston dengizi, Sharqda Ummon va Fors qo’ltiqlari bilan o’ralgan. Arabiston yarim oroli Afrika qalqonining bir qismi bo’lgan; paleogen davri oxiri va neogen davrida chuqur qizil dengiz botig’i orqali Afrikadan ajralib, Osiyoga tutashib qolgan. Yarim Orol asosan arxey slaneslari va granitlaridan iborat kristall jinslardan tarkib topgan. Bu jinslar Arabiston yarim orolining butun g’arbiy qismida va qisman Janubda yer yuzasiga chiqib yotadi, qolgan katta qismida jinslarning ustini mezozoy va kaynozoyning asosan ohaktosh va qumtoshlardan iborat yupqa qatlami qoplab olgan. Neogen oxiri va to’rtlamchi davr boshidagi tektonik yorilish, uzilish va gumbazsimon ko’tarilish natijasida Arabiston yarim orolida g’arbiy va janubiy qirg’oq hamda chekkadagi qirlar paydo bo’lgan. Yoriqlardan vulkanlar otilib chiqib, katta maydonni lava («Xarra») qoplab olgan va lava qoplamlari ustidan nisbiy balandligi 1000 metrgacha bo’lgan pastak vulkan qoldiqlari ko’tarilib turadi. Shunday vulkan kraterlaridan birida Adan shahri joylashgan. Arabiston yarim orolining yer yuzasi chekka qismlaridan ichki va Sharq tomonga asta-sekin pasayib boradi. Yarim orolning baland chekka qismlarida massiv va supasimon tog’lar bor. Ularning o’rtacha balandligi 1000 — 2000 metr, Janubdagi eng baland asir va Yaman tog’lari 3600 metrga yetadi. Janub-sharqida Alp bosqichida burmalangan Ummon tog’li o’lkasi bor, uning eng baland nuqtasi 3352 metr. Arabiston yarim orolining g’arbiy va Janub qirg’oqlari bo’ylab cho’zilgan kambar pastlik — Tixoma, shimol — Shimoliy Arabiston platosi va katta Nefud cho’li, markazining kristall jinslardan iborat g’arbiy qismi O’rta Arabiston platosi deb ataladi, yarim orolning ohaktoshlardan iborat Sharqiy qismi kuesta gryadalaridir, katta maydonni band qilgan pastroq Janub qismi esa Rub ul-xoliy qum cho’li deyiladi. Arabiston yarim oroli, ayniqsa uning Sharqiy past qismi neftga juda boy. Neft yuza joylashgan, qazib olish qulay. Arabiston yarim orolida yana temir, rux, fosforit-apatit rudalari, oltin, oltingugurt, kaliy va osh tuzlari konlari bor. Arabiston yarim oroli iqlimi quruq tropik iqlim. Yanvarning o’rtacha temperaturasi shimolda 7° bo’lsa, Janubda 24°, iyunning o’rtacha temperaturasi hamma qismida 30° dan yuqori, maksimal temperatura 50°, 55°, minimal temperatura shimolda 11°, Adanda 16°. Yog’in kam (100 millimetr), faqat Yamanda (750 millimetr) va Ummon tog’larida (500 millimetr) ko’proq. Oqar suvlar tog’li yerlardagina bor. Qolgan joylarda faqat quruq o’zan — vodiylar uchraydi. Ba’zi joylarda yer osti suvlari chiqib yotadi. Tuproq qumli va Toshloq cho’llarda butunlay yo’q yoxud hali ibtidoiy holda. Arabiston yarim orolining shimol qismi bo’z tuproq bilan, Janub va Janub-sharqidagi tog’li o’lkalar qizil va qizil-qo’ng’ir tog’ tuproqlari bilan qoplangan. Arabiston yarim orolida asosan Afrika florasiga xos o’simliklar o’sadi, Hindiston va O’rta dengiz atrofiga xos o’simlik turlari ham uchraydi. Cho’llarda o’simlik siyrak, ular shuvoq, sho’ra, astragal, kermak, yulg’un kabi ildizlari uzun, dag’al o’t yoki buta, yoxud daraxtchalardan iborat. Bahorda efemerlar barq urib o’sadi. Tog’larning sernam yon bag’irlarida barg to’kadigan o’rmonlar uchraydi. Janub-G’arb va Janub-Sharqda savanna tipidagi o’simliklar o’sadi. Vohalarda xurmo daraxtlari ayniqsa ko’p. Hayvonlardan jayron, yovvoyi eshak, qo’shoyoq, qumsichqonlar, sirtlon, bo’ri, chiyabo’ri, tulki, cho’l parrandalari va xilma-xil sudraluvchilar yashaydi. Arabiston yarim orolida BAA, Saudiya Arabistoni, Yaman, Quvayt, Qatar, Ummon davlatlari, Iroq va Iordaniyaning bir qismi joylashgan.