ARAFA
ARAFA (Arabcha — bilmoq, tanimoq, ma’rifat hosil qilmoq) — 1) hijriy-qamariy yil hisobi bo’yicha 12-oy (Zilhijja) 9-kunining nomi. Islom manbalarida aytilishicha, bu kunning Arafa deb atalishiga sabab Ibrohim (as)ga Jabroil haj ibodatining arkonlarini shu kuni o’rgatib ketgan. Hojilar shu kuni Arafot tepaligiga chiqib, to Quyosh botgunga qadar duo, ibodat va iltijo bilan mashg’ul bo’ladilar; 2) Hayitdan oldingi kun ham Arafa deb nomlanadi. Shundan kelib chiqib xalqlar orasida tantanali, olamshumul voqealar va bayramlardan oldingi kun va muddatni ham Arafa deb nomlash odatga aylangan. Masalan, Mustaqillik bayrami Arafasi, yangi yil Arafasi va hokazolar.