ARALASH JAVOBGARLIK

ARALASH JAVOBGARLIK — amaldagi O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan majburiyatda ishtirok etayotgan taraflar majburiyatni to’la yoki qisman bajarmaslikda javobgar bo’lishi. Aralash javobgarlik asoslarini va taraflarning o’z majburiyatlarini shartnomada nazarda tutilgan shartlar asosida bajarmaslik natijasida yetkazilgan zarar har ikki tarafga teng yoki biriga ko’proq, ikkinchisiga kamroq taqsimlanadi. Masalan, jabrlanuvchi o’zining qo’pol ehtiyotsizligi tufayli zararning yuzaga kelishiga yoki ortishiga ko’maklashgan bo’lsa, unda jabrlanuvchining va zarar yetkazuvchining aybi darajasiga qarab, tovon miqdori kamaytirilishi lozim (O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksi,104-modda). Ishni ko’rayotgan sud yoki xo’jalik sudi Aralash javobgarlik aniqlanganda taraflarning zarar etkazishdagi ayb darajalariga qarab, javobgarlik doirasini asosli, qonuniy va adolatli taqsimlashi shart. Aralash javobgarlik haqida taraflar o’zaro tuzgan shartnomalarida oldindan kelishib olishlari mumkin, bu tartib keyinchalik ehtimoliy nizolarning oldini oladi yoki tez va to’g’ri hal bo’lishida yordam beradi.