ARALASH YEM

ARALASH YEM — ilmiy asoslangan reseptlar bo’yicha maydalangan turli ozuqalardan tayyorlangan aralashma. Aralash yem har xil yoshdagi chorva mollari va parrandalar uchun zavod hamda chorvachilik xo’jaliklarida tayyorlanadi. Yemga aminokislotalar, mikroelementlar, antibiotik va vitaminlarga boy moddalar qo’shilib, uning umumiy biologic qimmati ancha oshiriladi. Aralash yemning 3 turi ishlab chiqariladi: to’la rasionli Aralash yem (tarkibida hayvonlar uchun zarur bo’lgan barcha ozuqa moddalar bo’ladi va qo’shimcha ozuqa qo’shilmay yediriladi); kontsentratli Aralash yem (ratsionda yetarli bo’lmagan asosiy ozuqa moddalar o’rnini qoplash uchun qo’shimcha sifatida beriladi); muvozanatlovchi Aralash yem (vitamin-oqsilli, vitamin-oqsilmineralli, shuningdek, mikrobiologiya sanoatida sun’iy olinadigan va yemlarning to’yimliligini oshirishda qo’llaniladigan biologik faol moddalar aralash-malari — boyituvchi aralashmalar). Tula rasionli Aralash yem hayvonlarning barcha to’yimli moddalarga bo’lgan talabini qondirishi lozim. Shunday Aralash yem parrandalar, cho’chqalar va yosh buzoqlar uchun tayyorlanib, yagona ozuqa sifatida yediriladi. Kontsentratli Aralash yem xo’jaliklarda mavjud bo’lgan shirali, dag’al va don ozuqalariga qo’shimcha sifatida beriladi. Aralash yem tayyorlash uchun g’alla va dukkakli ekinlar donlari — makkajo’xori, oq jo’xori, arpa, suli, bug’doy, javdar, mosh va boshqalardan foydalaniladi. Muboshir Musayev.