ARCHA

ARCHA (luniperus) — sarvdoshlar oilasiga mansub doim yashil daraxt va butalar turkumi. 70 ga yaqin turi bor. Archa bir jinsli, bir yoki ikki uyli, shamol yordamida changlanuvchi, ignabargli o’simlik. Archaning erkaklik qubbasi sarg’ish, 3 — 6 changdonli qipiqsimon changchilardan tashkil topgan. Urg’ochi qubbalari yashil bo’lib, qarama-qarshi yoki oldinma-keyin o’rnashgan urug’chibarg va urug’kurtaklardan iborat. Qubbalari yumaloq (diametri 5 — 20 millimetr), ichida 1 — 10 dona urug’bor. Archa mart—may oylarida gullaydi. Mevasi qo’ng’ir, ikkinchi yili (sentabr — noyabrda) pishib, qish yoki bahorda to’kiladi. Archa urug’ini yaxshi undirish uchun uni yozda stratifikasiya qilib, kuzda sepiladi. 2 — 3 yoshli ko’chati ekiladi. Archaning ko’pchiligi o’rta mintaqalarda o’sadi. Ba’zi turlari tropik hududlardagi tog’larda ham uchraydi. I. semiglobosa (sovur Archa), I. turkestanica (o’rik Archa), I. sabina (qora Archa) va I. seravschanica (Zarafshon Archa) kabi turlari O’rta Osiyo, xususan O’zbekiston tog’larida tarqalgan bo’lib, maxsus archazorlarni tashkil qiladi. Archaning xo’jalikdagi ahamiyati katta. Yog’ochi me’morlikda, o’ymakorlikda va qalam yasashda ishlatiladi. Ba’zi turlaridan xushmanzara o’simlik sifatida foydalaniladi. Qubbalaridan turli moddalar (efir moyi, qatron, qand, mum va organik kislotalar) olinadi. Qubbasining damlamasi tabobatda siydik haydovchi, balg’am ko’chiruvchi va ovqat hazm qilishni yaxshilovchi dori sifatida ishlatiladi. O’rta Osiyodagi turlaridan olinadigan efir moyining tsedrol fraktsiyasi esa jarohatni, suyakning teshilib oqishini davolashda qo’llaniladi.