ARCHAZOR

ARCHAZOR, archazor o’rmonlar — asosan, archa daraxtidan tashkil topgan o’rmonlar. Archazorlar 600 — 700 yil (ayrimlari 2000 yilgacha) yashaydi, tog’larda suv to’plash, tuproq eroziyasi oldini olish, sel toshqinlarini bartaraf etish kabi muhim vazifalarni bajaradi. Asosan Yer yuzining shimoliy yarim sharidagi tog’li hududlarda — O’rta Amerika, Osiyo va Afrikada o’sadi. O’rta Osiyo, Qrim, Oltoysayan, uzoq Sharqdagi tog’larda 700 ming gektar maydonni egallaydi, uning 665 ming gektardan ko’prog’i (93,5%) Markaziy Osiyo davlatlarida joylashgan. O’zbekiston davlat o’rmon fondi hisobida 190 ming gektar Archazor bor (1999). O’zbekistonda asosan, Tyanshan, Turkiston, Chatqol, Hisor tog’larida katta-katta Archazorlar mavjud. Ular si Irak va mahsuldorligi kam Archazorga kiradi (qalinligi 0,3 — 0,5), ammo shunga qaramay juda katta tabiiy va iqtisodiy axamiyatga ega. Archazor 800 — 3100 metr balandlikda tog’yon bag’irlarida joylashgan va uch mintaqaga bo’linadi: tog’larning pastki qismida (800-2000 metr balandlikda) qora archa yoki Zarafshon archasi, o’rta qismida (1400-2500 metr) sovur archa, yuqori qismida (2500— 3100 metr) o’rik archa yoki Turkiston archasi o’sadi. Tog’larning eng yuqori qismidagi archalar siyrak, bo’yi past, tanasi qiyshiq, sershox bo’lib, ko’pincha yer bag’irlab o’sadi. Eng yaxshi Archazor unumdor, sernam, tuproqli, yassi tog’yon bag’irlarida uchraydi va ularning yillik fitomahsuldorligi 220 tonna/gekar ni tashkil etadi. Ilgari Archazor muhofaza qilinmaganligi va ulardan qurilish materiali hamda o’tin sifatida ayovsiz foydalanish natijasida Archazor maydonlari kamayib, archalari siyraklashib ketgan. 20-asrning 50-yillaridan boshlab O’zbekistonda Archazorlarni tabiiy ravishda qayta tiklash va ekma Archazorni barpo qilish ishlari boshlandi va O’rta Osiyo (hozirgi O’zbekiston) o’rmonchilik ilmiy tadqiqot institutida uning ilmiy asoslari ishlab chiqildi (U. N. Nig’matov, E. V. Mixaylova, V. M. Saxaskiy, Yo. Yu. Musayev). O’rmonchilik xo’jaliklari Archazorni qo’riqlash, parvarishlash, tabiiy va sun’iy yo’llar orqali ko’paytirish ishlari bilan shug’ullanadi. Abduxalil Qayimov, Anvar Tagirov.