ARGENTINA
ARGENTINA (Argentina), Argentina Respublikasi (Republica Argentina) — Janubiy Amerikadagi davlat. Qit’aning Janubiy-Sharqiy qismini, olovli yer orolning Sharqiy qismini va bir qancha orollarni egallaydi. Atlantika okeani sohilida joylashgan. Ma’muriy jihatdan 22 viloyat (provintsiya), federal (poytaxt) okrugi va olovli yer hududiga bo’linadi. Maydoni 2767 ming kilometr kvadrat. Aholisi 36,1 million kishi (1999). Poytaxti Buenos-Ayres shahri. Davlat tuzumi. Argentina — Federativ respublika. Amaldagi Konstitusiyasi 1994 yil 24 avgustda qabul qilingan. Davlat boshlig’i — prezident. Prezident va vitse-prezident 4 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — millim Kongress (parlament). Kongress ikki palata: Senat va deputatlar palatasidan iborat. Ijrochi hokimiyat prezident va hukumatdir. Tabiati. Argentinaning sharqi keng tekisliklardan va g’arbi tog’lardan iborat. Mamlakatning butun shimoli-sharqini La-plata pasttekisligi (Gran-Chako, Sharqiy Pampa tekisligi), Janubiy-sharqini Patagoniya yassi tog’ligi egallaydi. G’arbdagi tog’ yon bag’irlari balandlasha borib, And tog’lariga ulanib ketadi. Janubiy Amerikaning eng baland nuqtasi Akonkagua (6960 metr) ham Argentina hududidadir. Foydali qazilmalari: neft, gaz, temir, polimetallar, uran, mis, qalay, volfram va boshqa rudalar. Argentina tekislik qismining iqlimi — tropik va subtropik, Janubda — mo’tadil. Eng issiq oy (yanvar) ning o’rtacha harorati shimolda 28°, Janubda 10°, iyulning o’rtacha harorati shimolda 18° va Janubda gradus. Tog’larda iqlim mo’tadil sovuq. Yiliga Patagoniyada 100 — 300 millimetr, shimoliy-Sharqda 1400 — 1600 millimetr, Andning Sharqiy yon bag’irlarida 5000 millimetrgacha yog’in yog’adi. Asosiy daryolari: Parana, Paragvay, Urug’vay, Rio-Salado, Rio-Kolorado, Chubut, Rio-Negro. Argentina ko’llarining aksariyati muzliklardan paydo bo’lgan (Naul-Uapi, Buenos-Ayres, Vedma va boshqalar). Argentina hududining salkam 20% doimiy ko’m-ko’k va bargi to’kiluvchi o’rmonlar bilan qoplangan. Gran-Chakodagi qizil tuproqda siyrak o’rmon, Pampadagi unumdor qoratuproqda pichanzor dashtlar, Patagoniyada —yarim cho’l. Argentinaning milliy bog’lari — Iguasu, Lanin, Nauel-Uapi va boshqalar. Aholisi. Argentinlar (mamlakat aholisining 90%) asosan yevropalik muhojirlardan shakllangan. Shuningdek italyanlar, yahudiylar, ukrainlar, ispanlar, katalonlar, polyaklar, nemislar, frantsuzlar va boshqalar ham yashaydi. Tub joy aholisi — indeyslarning aksariyati yevropaliklarning mustamlakachilik harakatlari jarayonida qirilib ketgan. Ularning oz qismi (kechua, tupi-Guaranlar va boshqalar) Argentinaning shimoliy-g’arbida va Paragvay bilan bo’lgan chegara yaqinida yashaydi. Rasmiy tili — ispan tili. Dindorlarning aksariyati katoliklar. Aholining o’rtacha zichligi 1 kilometr kvadratga 9 kishidan ko’proq. Aholining 86% shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari: Buenos-Ayres, Kordova, Rosario, La-Plata. Tarixi. Qadim zamonlardan hududida ko’p sonli indeys qabilalari yashar, ularda jamoa-urug’chilik munosabatlari hukmron edi. Shimoliy-g’arbda diagitlar, charrua va kerandilar eng rivojlangan indeys qabilalari bo’lgan; ular o’troq hayot kechirar, dehqonchilik, baliqchilik, ovchilik bilan shug’ullanar, rangli metallar eritishni, to’qimachilikni bilar edi. Shimoliy-Sharqda va markazda Guaranlar, tapeslar va boshqalar yashar, janubda araukanlar va patagonlar ko’chib yurar edi. 16-asrning 1-yarmida hozirgi Argentina hududi ispanlar tomonidan bosib olina boshladi. Ispanlar bu mamlakatni Rio-de-La-plata (ispancha kumush) daryosi nomi bilan Laplata deb atadilar. Mustamlakachilarga qarshi indeys qabilalari bir necha marta isyon ko’tardi (1580, 1630, 1657, 1710 — 11 yillar). 1776 yilda hozirgi Argentina hududi butunlay Rio-de-La-plata vitse-qirolligi tarkibiga qo’shib olindi. Argentinada katta feodal yer egaligi vujudga keldi. Amerikadagi ispan mustamlakalarining 1810 — 26 yillardagi mustaqillik uchun urushi vaqtida kreollar (dastlabki ispan kelgindilarining avlodlari) M. Belgrano va X. San-Martin rahbarligida 1810 — 16 yillarda ispan mustamlakachilariga qarshi qurolli kurash olib bordilar. Kurash boshlangan 25 may kuni argentin xalqining milliy bayrami bo’lib qoldi. 1816 yilda viloyatlar vakillarining Tukuman shahridagi kongressi La-plata Birlashgan viloyatlarini mustaqil deb e’lon qildi. 1826 yilda Argentina Federativ Respublikasi tuzildi. 19-asr mobaynida vujudga kela boshlagan burjuaziya manfaatlarini ifodalovchi unitariylar bilan yer egalari manfaatlarini himoya qiluvchi federatsiyachilar o’rtasida kurash davom etdi. 19-asr 2-choragidan Argentinada Buyuk Britaniya iqtisodiy va siyosiy mavqei mustahkamlandi, 1833 yilda u Folklend (Malvin) orollarini bosib oldi. 19-asr oxirlarida mamlakatga Amerika va Germaniya kapitali kirib keldi. Hukmron davlatlar Argentinani siyosiy va iqtisodiy jihatdan qaramlikka solib, uni go’sht, don va b. xom ashyo yetkazib beruvchi mamlakatga aylantirdilar. 19 — 20-asrlar bo’sag’asida Argentinada sanoat rivojlandi. 19-asrning oxiridan Argentinada turli harbiy diktaturalar hukmronlik qildi. 2-jahon urushi yillarida Argentina betaraflik e’lon qilgan bo’lsa ham, aslida fashistlarga ko’maklashdi. 1945 yil martidagina Germaniya va Yaponiyaga qarshi urush e’lon qildi. 1945 yildan Argentina — BMT a’zosi. 1943 yilgi harbiy to’ntarish natijasida bir guruh ofitserlar hokimiyatni qo’lga oldilar. Ularning rahbarlaridan biri general X. D. Peron (1946 — 55 va 1973 — 74 yillarda Argentina Prezidenti) hukmron ajnabiy davlatlarning mavqeini zaiflashtirish hisobiga mamlakatdagi yuqori tabaqani mustahkamlash siyosatini yuritdi. 1976 yilda general Videla hukmronligi davrida zo’ravonlik va tartibsizliklarga qarshi qattiq choralar joriy etildi, iqtisodiyotni mustahkamlashga kirishildi. 1981 yilda Roberto Viola prezident etib saylandi, ammo harbiylar keyinroq uni ag’darib tashladilar. Shu davrda (1982 yil) Folklend (Malvin) orollari Buyuk Britaniyaga qarashliligini tan olmagan Argentina ularni egallashga urinib ko’rdi, lekin bu harakat muvaffaqiyatsiz chiqdi. 1983 yildagi yalpi saylov natijasida Raul Alfonsin prezident etib saylandi. 1999 yildan esa Fernando de la Rua Argentina Prezidenti. 1993 yil 9 sentabrda O’zbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlari o’rnatgan. Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. Fuqaro radikal Ittifoqi, 1889 yilda taraqqiyparvar ziyolilar tomonidan tuzilgan; birlik va taraqqiyot harakati, 1957 yilda fuqaro radikal Ittifoqi partiyasidan ajralib chiqqan guruh negizida tuzilgan; Xalq sotsialistik partiyasi, 1982 yilda tuzilgan; murosasozlik partiyasi, 1963 yilda birlik va taraqqiyot harakati partiyasi bo’linishi natijasida vujudga kelgan; Xustisialistik (adolat) partiyasi, 1947 yilda X. Peron tomonidan tuzilgan; taraqqiyparvar demokratik partiya, 1909 yil tuzilgan. Argentinada Kommunistik partiya, sotsial-demokratik partiya, Demokratik markaz Ittifoqi, Xristiandemokratik partiya ham bor. Umummehnat konfederatsiyasi 1930 yilda tuzilgan. Xo’jaligi. Argentina iqtisodiy jihatdan Lotin Amerikasida eng rivojlangan mamlakatlardan biri. Foydali qazilma konlari ko’p, malakali ishchi kuchiga ega. Qishloq xo’jaligi, sanoatning turli tarmoqlari rivojlangan. Ammo 80-yillar oxirida boshqaruvning samarasizligi oqibatida Argentina iqtisodiyoti barbod bo’lish arafasida edi. 1989 yilda saylangan yangi hukumat iqtisodiyotni isloh qilish dasturini amalga oshirdi, natijada Argentina yana barqaror rivojlana boshladi. 1991 yilda qabul qilingan konvertatsiya to’g’risidagi qonunga binoan ko’pchilik davlat korxonalari xususiylashtirildi, iqtisodiyotga chet el investisiyalari jalb etila boshladi, byudjetga soliqlardan tushum yaxshilandi, ishchilarga kompensasiya to’lash tizimi yaratildi. Sanoati. Argentina asosan, qishloq xo’jaligi xom ashyosini qayta ishlashga ixtisoslashgan. Yetakchi tarmoq — oziq-ovqat (go’sht, yog’, un, vinochilik, konserva, qand-shakar) sanoati. Go’sht yetishtirish va eksport qilish sohasida Argentina dunyoda oldingi o’rinlardan birida turadi. To’qimachilik, charmpoyabzal tarmoqlari rivojlangan. Og’ir industriyada mashinasozlik (traktor, qishloq xo’jaligi mashinalari, avtomobillar, stanoklar, elektr texnika asbob-uskunalari va boshqalar), neftni qayta ishlash, qora metallurgiyaning salmog’i katta. Tsement, tsellyuloza-qog’oz korxonalari bor. Neft, gaz, qo’rg’oshin, rux, temir, uran, berilliy va volfram rudalari qazib olinadi. Yoqilg’i-energetika balansining salkam 85% ni neft va gaz tashkil qiladi. AESlar qurilgan. Asosiy sanoat markazlari: Buenos-Ayres, Rosario, Kordova, La-Plata. Qishloq xo’jaligi. Argentina chorvachilik mahsulotlarini, don va moyli ekinlar hosilini tovar sifatida tayyorlashga ixtisoslashgan. Yirik yer egaligi rivojlangan: 1 ming gektar dan ortiq yerga ega bo’lgan xo’jaliklarga hamma yerlarning 75% qaraydi. Qishloq xo’jaligiga yaroqli yerlarning faqat 20% ga ekin ekiladi. Qishloq xo’jaligining yetakchi tarmog’i chorvachilik bo’lib, unda go’sht yetishtiriladigan qoramolchilik va go’sht-jun olinadigan qo’ychilik ustun turadi. Argentinada qoramollar — 51 million, qo’ylar — 29 million, cho’chqalar — 4,1 million boshni tashkil etadi. Dehqonchilikning yetakchi tarmog’i — g’allachilik. Bug’doy, makkajo’xori, javdar, suli, arpa, texnika ekinlaridan — kungaboqar, zig’ir, paxta yetishtiriladi. Muhim yem-xashak ekini — beda. Bog’dorchilik, tokchilik rivojlangan. Qimmatbaho daraxt navi, jumladan dubil ekstrakti olinadigan kebracho tayyorlanadi. Baliq ovlanadi. Transporti. Temir yo’llar uzunligi — salkam 34,1 ming kilometr, avtomobil yo’llari — 211,4 ming kilometr. Asosiy porti — Buenos-Ayres. Xalqaro aeroporti — Eseysa (Buenos-Ayres yaqinida). Chetga chiqariladigan qishloq xo’jalik mahsulotlarining 80% go’sht, don, yog’, xom teri, jun, ho’l mevalarga to’g’ri keladi. Chetdan mashinalar, transport vositalari, metall, yoqilg’i, kimyoviy tovarlar keltiriladi. Asosiy savdo mijozlari: AQSh, Braziliya, Italiya, Germaniya va Yaponiya. Pul birligi — peso. Tibbiy xizmati. Argentinada 133,8 ming o’rinli kasalxonalar (1 ming aholiga 6 o’rin) bor. 53,7 ming shifokor (450 aholiga 1 shifokor) tibbiy xizmat ko’rsatadi. Davlat sog’liqni saqlash tizimi tibbiy yordamni sug’urtalash va xususiy shifokorlar xizmati bilan birga qo’shib olib boriladi. Shifokorlarni universitetlarning 9 tibbiyot fakulteti tayyorlaydi. Maorifi, ilmiy va madaniy ma’rifiy muassasalari. Argentinada 6 yoshdan 14 yoshgacha bo’lgan bolalarning majburiy ta’limi joriy etilgan. Davlat o’quv yurtlari bilan birga xususiy maktablar ham bor. Boshlangich maktablarda 3471 ming, o’rta o’quv yurtlarida (umumiy ta’lim, hunar, pedagogika va boshqa maktablarda) 1125 ming o’quvchi o’qiydi. Buenos-Ayres, Kordova, La-plata, Santa-Fe va boshqa shaharlarda universitetlar bor. Bir qancha tarmoq akademiyalari, ilmiy tadqiqot institutlari va ilmiy jamiyatlar ilmiy tadqiqotlar olib boradi. Buenos-Ayresda Milliy kutubxona, universitet kutubxonasi va boshqalar bor. Tabiiy fanlar, Antarktika, tarix, rassomlik va boshqa muzeylar mavjud. Matbuoti, radioeshittirishi, teleko’rsatuvi. Eng ko’p tarqalgan gazetalar: «Rason» («Aql-idrok», 1905 yildan), «Prensa» («Matbuot», 1869 yildan), «Nason»(«Millat», 1870 yildan), «Gaseta» («gazeta», 1912 yildan). «Telenotisiosa Amerikana» hukumat agentligi 1945 yil tashkil etilgan. 52 xususiy radiostansiya alohida uyushmaga birlashgan. Teleko’rsatuv 1951 yildan mavjud. 1959 yilda 22 xususiy telestansiyalar uyushmasi tuzilgan. Adabiyoti. Argentinada yashagan indeys qabilalarning og’zaki ijodi namunalari bizgacha yetib kelmagan. Biroq xalq she’riyati o’ziga xosligini saqlab qolgan. 16-asrdan 19-asr boshlarigacha adabiyot Ispaniya adabiyoti ta’sirida rivojlandi. 18-asr oxiri — 19-asr boshlarida M. de Lavarden, D. de Asuenaga va boshqalar ijodida ma’rifatparvarlik tamoyillari namoyon bo’ldi. 1810 — 26 yillar Ispaniyaga qarshi urush va milliy-ozodlik harakati davrida adabiyotda vatanparvar klassisizm hukmronlik qildi. B. de Monteagudo, V. Lo-pes-i-Planes (uning «Vatanparvarlik marshi», 1810, Argentina madhiyasi bo’lib qolgan), E. de Luka, X. Kruves Varela asarlari paydo bo’ldi. Mamlakat mustaqilligi e’lon qilingandan keyin yangi oqim vakili — faylasuf va milliy poeziya asoschisi E. Echeverria she’rlar, dramalar, dostonlar yozdi. Shoir, hikoyanavis, tarixchi olim va adabiyotshunos X. M. Guterres argentin romantik prozasining dastlabki namunalarini yaratdi. Publisist va jamoat arbobi D. F. Sarmento o’tkir maqolalar yozdi. 19- asr 2-yarmida «Gaucho adabiyoti» urf bo’ldi, uning asosini Pampa aholisining og’zaki ijodi tashkil qilar edi. 50 — 70-yillarda I. Askasubi asarlari (siyosiy va lirik qo’shiqlar, «Santos Vega» she’riy romani, 1851), X. Marmol (dastlabki milliy roman «Amaliya», 1855), X. Ernandes (uning «Martin Ferro» qahramonlik dostoni, 1 — 2-qismlari, 1872 — 79, milliy adabiyotning eng salmoqli asaridir) asarlari va boshqalar dunyoga keldi. 19-asr o’rtalarida xalq urf-odatlarini ifodalovchi adabiyot vujudga keldi. Bu oqim namoyandalari L. V. Lopes, E. Vilde, M. Kane va boshqalardir. 20-asr 20-yillarida B. Linch, R. Guyraldeslarning ijtimoiy romanlari chiqdi. 20-asr 2-yarmida E. L. Kastro, A. Varel, R. Larra, X. Kortasar romanlari paydo bo’ldi. Tasvnriy san’ati va me’morligi. Argentina tub joy aholisining mustamlakachilikdan avvalgi san’ati (16-asr) matolarga solingan geometrik naqshlardan, jig’alardan, guldor va jimjimador sopol buyumlardan, tosh, yog’och va loydan yasalgan haykalchalardan iborat edi. Argentinada milliy rassomlik 19-asrda yuzaga kelib, 20-asr boshlarida taraqqiy etdi. Rassomlar ijodida milliy mavzu, xalq obrazi katta o’rin egalladi. 19-asr oxirlarida tarkib topgan milliy haykaltaroshlik 20-asr o’rtalarida badiiy yuksaklikka ko’tarildi. Argentina da mahalliy xalq — indeyslarning me’moriy an’analari kam saqlangan. 18-asrdan boshlab Argentina me’morligida barokko uslubi hukmronlik qildi. Bu uslubda qurilgan binolardan biri Kordovadagi kompaniya ibodatxonasidir. Ibodatxonaga ispan iezuitlari asos solganlar (1646). Hozir ibodatxona Kordova universiteti majmuasiga kiradi. 18-asr oxiri va 19-asr boshlarida Argentinada mumtoz me’morlik uslubi tarqaldi. Avvalo, aniq va yaxlit (masalan, Buenos-Ayresdagi ibodatxona peshayvoni, 1804), keyinchalik 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida eklektik va hashamatli binolar (Buenos-Ayresdagi «Kolon» teatri, 1908) qurildi. Bu davr turar joy binolari ko’pincha katta ayvonli bo’lgan. 20-asrdan hozirgi zamon me’morligi rivojlandi. Buenos-Ayresda va mamlakatning boshqa shaharlarida ko’p qavatli, yaxlit oyna va temir-betondan mehmonxona, bank kabi ma’muriy binolar ko’plab qurilgan. Musiqasi. Hozirgi zamon Argentina hududida yashagan indeys qabilalari hayoti va turmushida musiqa katta o’rin olgan. And xalqlari — ayniqsa kechua va boshqa rivojlangan va o’ziga xos musiqa madaniyatiga ega bo’lgan; ularning dilrabo yaravi qo’shiqlari, uayno raqs ohanglari, cholg’u asboblari (kena nayi va zarbli asboblari) hozirgacha saqlanib qolgan. Argentina milliy musiqa maktabi 19-asr oxirlarida tarkib topa boshladi. Buenos-Ayresdagi konservatoriya asoschisi, asosan yevropacha kuylar, orkestr va kamer asarlar muallifi A. Vilyame bu maktabning bunyodkorlaridan bo’ldi. «Pampa» operasining ijodkori A. Berutti Argentinaning yirik kompozitori bo’lgan. «Pampa» asarida argentin xalq musiqasiga xos ohanglar yangragan. Buenos-Ayresda «Kolon» opera teatri, 2 konservatoriya, simfonik orkestr, Kordova va La-platada konservatoriyalar bor. Teatri. Indeys qabilalarining raqslari va marosim taomillarida teatr harakatlari elementlari bo’lgan. 16-asrda havaskorlar truppalari maydonga keldi. 1783 yil Buenos-Ayresda «Komediya uyi» nomli birinchi teatr binosi qurildi. 19-asr boshlarida L. A. Morante, K. Enrikes, X. M. Sanches kabi mahalliy dramaturglarning pesalari shuhrat topdi. 19-asrning 80-yillarida bosh qahramoni chorvador, dehqon bo’lgan romantik melodrama janri yuzaga keldi. 19-asrda va 20-asr boshlarida «Viktoriya», «Apolo» teatrlarida ijtimoiy isyon mavzuidagi pyesalar qo’yildi. 1920-yillarda Argentina teatri inqirozga uchradi. Ammo bir necha mustaqil I teatrlar vujudga kelib, teatr san’atini qayta tiklash va yaxshilashga kirishildi. Ularda milliy dramaturglardan o. Dragun, A. Kusani, K. Gorostisa, L. Barlettalarning asarlari qo’yildi. 1935 yilda Buenos-Ayresda Milliy komediya teatri bilan Milliy Teatrshunoslik instituti tashkil topdi. 1943 yilda Davlat qo’g’irchoq teatri tuzildi. Musiqiy teatr 1825 yilda Buenos-Ayresda birinchi opera spektakli — «Sevilyalik sartarosh» (J. Rossini asari)ni namoyish qildi. 1877 yilda F. Argreaves birinchi Argentina operasi «Oq mushuk»ni yaratdi. 1925 yildan milliy balet truppasi ish boshladi: «Kometalar», «Panambi» kabi milliy baletlar ko’rsatildi. Hozirgi vaqtda Buenos-Ayres Argentina teatr san’atining markazi bo’lib, bu yerda «El Pueblo», «La maskara», «Fray Mocho» kabi mustaqil teatrlar, Milliy komediya teatri, «Odeon» kabi tijorat teatrlari ishlamoqda. Knnosn. Argentinada film yaratish 1897 yildan boshlandi. 1908 yilda italiyalik rejissyor M. Galo «Dorregoning otilishi» degan birinchi filmni yaratdi, unda teatr aktyorlari ishtirok etishdi. Keyinchalik rejissyor X. A. Ferreyra («Gaucho qo’shig’i», 1930), L. Zaslavskiy («Qochish», 1937) va boshqa bir necha film yaratdilar. U Petit de Murat («Gaucho urushi»), S. Pondel Rios («111-kilometr»), E. Amorim («Keksa doktor») kabi kinossenariychilar barakali ijod qildilar. Keyingi yillarda ishqiy sarguzasht filmlar, kinokomediyalar ishlandi, ayrim adabiy asarlar ekranlashtirildi. Argentina yirik kino ishlab chiqarish firmalari: «Arxentina sono films», «Kontrakuadro». Buenos-Ayresda Kino san’ati va kino fani akademiyasi, Milliy kinematografiya instituti ishlab turibdi.