ARK

ARK — O’rta Osiyo ko’hna shaharlaridagi hukmdorlar qarorgohi joylashgan qal’aband O’rda. Yozma tarixiy manbalarda ko’handiz, diz, koh, qasr, qal’a, Hisor nomlari bilan ham tilga olinadi. Tabiiy baland tepa yoki maxsus yaratilgan baland do’nglik ustiga qurilib, atrofi baland devor bilan o’ralgan, bir yoki ikki darvozasi bo’lgan. Ark ichida podshoh va amirlarning, amaldor va lashkarboshilarning uy joylari, davlat devonlari, zarbxona, masjid, Sardoba va boshqa binolar bo’lgan. Buxoro arki, Qo’qon o’rdasi, ko’hna Ark tashqi qal’aband devorlari, ichkaridagi serhasham saroy binolari saqlanib qolgan. Samarqanddagi Amir Temur bunyod etgan Arki Oliy va Chaqartosh qo’rg’on binolarining qoddiklari, tashqi qal’a devorlari 19-asrda mustamlaka ma’muriyati tomonidan atayin buzib tashlangan.