ARMATURA

ARMATURA (lotincha armatura — qurollanish, anjomlar) — 1) temir-beton konstruktsiyalar Armaturasi — betonning cho’zilishga (kamdan-kam siqilishga) mustahkamligini oshirish uchun mo’ljallangan tarkibiy qismi. Asosan po’latdan yasalgan egiluvchan Armatura (sterjen yoki payvandlangan to’r), ba’zan bikr Armatura (prokat qo’shtavrlar, shveller, burchaklik) ishlatiladi. Mustahkamligi va plastikligi bo’yicha sterjensimon (diametri 6/90 millimetr), chiviqsimon (Diametri 3/8 millimetr) va zo’riqma (900 Mn/sm2 va undan ortiq kuchga chidaydigan) Armaturalarga bo’linadi. Po’lat Armaturalar ba’zan oyna orasiga va cho’yan kuymalarning cho’zilish zonasiga ham qo’yiladi. Turkistonning qadimgi Binokor ustalari ham Armaturadan keng foydalanganlar. Sinchli devor orasiga qo’yiladigan sinch, paxsa devor orasiga qo’yiladigan shox shabba va qamishlar, loyga qo’shiladigan somon o’sha davrning Armaturasi edi; 2) mashina, konstruktsiya, inshootlarning to’g’ri ishlashini ta’minlovchi yordamchi qurilma va detallar to’plami. Masalan, vodoprovod Armaturasi (klapanlar, kranlar, suv o’lchagich va hokazolar); qozonxona Armaturasi (termometrlar, manometrlar, saqlagich klapanlari); isitish tizimi Armaturasi (termoregulyatorlar, termostatlar va hokazolar); gaz tizimi Armaturasi (kran va klapanlar, reduktorlar va hokazolar); elektr texnikasi Armaturasi (patronlar, o’chirib-yoqqichlar, rozetkalar, qandillar va hokazolar).