ARMATURA ISHLARI

ARMATURA ISHLARI — temir-beton konstruktsiyalar va inshootlarni qurishda armaturalar tayyorlash, ma’lum shaklga keltirish va joylashtirish kabi ishlar majmui. Diametri 10 millimetrgacha bo’lgan sim-armatura zavoddan qurilish maydoniga 200 metr uzunlikdagi o’ram holida, diametri 14 millimetrdan ortiq bo’lgan chiviq 10 — 12 metr uzunlikda keltiriladi. Keltirilgan armatura simlarini to’g’rilash, taranglash, maxsus chizmaga qarab kesish, sinch va to’rlar tayyorlash va ularni qoliplar ichiga o’rnatish Armatura ishlari jumlasiga kiradi. Diametri 10 millimetrgacha bo’lgan sim armatura to’g’rilash-kesish avtomatlarida, katta diametrli po’lat armaturalar esa potok liniyalarda to’g’rilab kesiladi. Oldindan tayyorlangan armaturalardan kontakt yoki elektr yoy payvand yordamida to’r yoki sinch tayyorlanib qoliplarga qo’yiladi. Og’ir armatura temir plita ustiga qo’yib to’g’rilanadi, so’ngra mexanik stanoklarda tegishli uzunlikda kesiladi. Shundan keyin chizmaga qarab kerakli shaklda egiladi. Yo’g’onligi 25 millimetrgacha bo’lgan armatura simlari qo’l stanogida, diametri 25 millimetrdan ortiqlari esa mexanik stanokda egiladi. Agar armatura oldindan kuchaytirilgan konstruktsiyalarda qo’llaniladigan bo’lsa, u mexanik yoki elektrotermik usullar bilan taranglanadi. Aramaturani taranglashning elektrotermik usuliga ko’ra, maxsus qurilmaga o’rnatilgan armatura elektr toki yordamida qizdiriladi. Qizigan armature uzayadi. Armatura shu holda ikki uchidan qistirilib qo’yiladi. U soviganda taranglanib qoladi.