ARNASOY TUMANI

ARNASOY TUMANI – Jizzax viloyatidagi tuman, 1975 yil 26 noyabrda tashkil etilgan. Shimol va shimoli-g’arbda Forish, Janubda Zafarobod, Janub-Sharqda Paxtakor, Sharqda Do’stlik, shimol-Sharqda Mirzacho’l tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,49 ming kilometr kvadrat. Aholisi 40,0 mingdan ortiq kishi (1999). Arnasoy tumanida 6 qishloq fuqarolari yig’ini (Do’stlik, Zarafshon, Usmon Yusupov, Cho’lquvar, Yangibo’ston, G’alaba) bor. Markazi — G’oliblar qishlog’i. Tabiati. Tuman relyefi asosan tekislik va pasttekisliklardan iborat. Yer yuzasi shimol va shimol-g’arbdan Janub va Janubi-sharqqa tomon asta-sekin ko’tarila boradi. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi — gradus, — 5°, iyulniki 30° gacha. Yiliga o’rtacha 150 — 300 millimetr yog’in tushadi. Arnasoy tumanining shim. qismida Aydar ko’li joylashgan. Tuprog’i asosan bo’z-qo’ng’ir tuproq, shimol-Sharqiy qismida qisman sho’rxoklar bor. Tumanning cho’l joylarida chala butalar, saksovul, efemer va efemeroidlar o’sadi. Kemiruvchilardan qo’shoyoq, yumronqoziq, quyon; sudralib yuruvchilardan kaltakesak, ilonlar; yirtqichlardan bo’ri, tulki, bo’rsiq; hasharotlardan chayon, falanga; qushlardan to’rg’ay, so’fito’rg’ay, boyo’g’li yashaydi. Arnasoy tumani hududida Arnasoy davlat ornitologiya buyurtma hududi tashkil etilgan. Aholisi: asosan, o’zbeklar; shuningdek rus, qozoq, tojik, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholi zichligi 1 kilometr kvadratga o’rtacha 16 kishi. Xo’jaligi. Arnasoy tumani xo’jaliklari paxtachilik, g’allachilik, polizchilik, chorvachilik, baliqchilikka ixtisoslashgan. Paxta tozalash zavodi, 5 paxta tayyorlash punkti bor. Arnasoy tumanida 7 jamoa xo’jaligi, 11 tokchilik xo’jaligi mavjud. 20 ming gektar yerga paxta, 5 ming gektar yerga g’alla, qariyb 1000 gektar yerga sabzavot ekiladi; tokzor va bog’lar 1000 gektarni tashkil qiladi. 1996/97 o’quv yilida 11 umumiy ta’lim maktabida 4 mingdan ziyod o’quvchi ta’lim oldi. 15 bolalar bog’chasida qariyb 2100 bola tarbiyalanmoqda. 4 klub, 2 madaniyat markazi, 10 kutubxona, 2 kasalxona, 2 ambulatoriya bo’lib, 50 vrach, 150 dan ziyod o’rta ma’lumotli tibbiy xodim ishlaydi. «Arnasoy tongi» tuman gazetasi 1977 yildan chiqadi.