ARQON
ARQON — tolalardan eshib to’qiladigan, yo’g’onligiga qaraganda uzunligi ancha katta bo’lgan to’qimachilik buyumi; arg’amchi. Zig’ir tolasi, kanop, nasha poyasi tolalari, ip, jun va sun’iy tolalardan to’qiladi. Shunga yarasha qil Arqon, jun Arqon deb yuritiladi. Bir o’rimli, ikki o’rimli va uch o’rimli Arqonlar bo’ladi. Kundalik hayotda juda asqotganidan Arqon qadimdan ishlatib kelingan. Arqon uy-ro’zg’or ishlarida, bug’uchilik, yilqichilik, chorvachilikda, qurilishda, yelkanli kemalarda, daryo va dengiz portlarida, osma yo’llar, osma ko’priklar qurishda keng ishlatiladi. Po’lat simlardan eshib to’qiladigan Arqon kanat, tros (sim Arqon) deb ataladi.