ARSLON

Afrika savannasi uzra qorong’ulik tushgan. Qishloqdagi odamlar shirin uyquda, echki va qo’ylar qo’raga qamalgan, bog’langan ot va tuyalar mudramoqda. Birdan dahshatli o’kirish hamma yoqni larzaga keltirib yubordi. Odamlar o’rinlaridan sapchib turishdi, jonivorlar tipirchilab qolishdi. Boyagi dahshatli o’kirish yana takrorlandi, demak, hayvonlar podshosi — arslon ovga chiqibdi. Axir uni hayvonlar podshosi, sher deb bekorga atashmagan. Kuch-qudrat, chaqqonlik va dovyuraklikda arslonga teng keladigani yo’q. U yashirinmaydi, o’z o’ljasiga panadan pisib hujum qilmaydi. Arslon men ovga chiqdim, hoy hayvonlar, o’zingni ehtiyot qil, deb ochiqchasiga ogohlantiradi. Yovvoyi cho’chqa va yo’l-yo’l zebra, tezchopar va bahaybat buyvol, ehtiyot bo’l! Uzoq vaqt arslonlar chindan ham Afrika savannalarining hokimi bo’lgan. Mahalliy aholi esa bu yirtqichni ahyon-ahyonda ovlagan. Ammo qurolli odamlar paydo bo’lgach, arslonning kuch-qudrati ham, chaqqonligi ham, dovyurakligi va yashirinishdagi uddaburonligi ham yordam bera olmadi. Oradan ko’p vaqt o’tmay, arslonlarni deyarli butunlay qirib tashlashdi. Hozir arslonlar Markaziy Afrikaning ayrim rayonlarida va qo’riqxonalarda, shuningdek, juda oz miqdorda Hindistonda saqlanib qolgan. Dastlab arslonlar qirib tashlansa, tuyoqli hayvonlar ko’payadi deb o’ylashgan edi. Aslida esa aksincha bo’lib chiqdi. Ma’lum bo’lishicha, arslonlar eng avvalo kasalmand, nimjon hayvonlami tutib yeyar ekan va shuning uchun yuqumli kasalliklar keng tarqalmas ekan. Endilikda arslonlar saqlanib qolgan joylarda ularni ov qilish taqiqlangan. Faqat maxsus ruxsatnoma bo’yicha hayvonot bog’lari uchun tutish mumkin. Arslonlar tutqunlikka tez ko’nikadi va hatto shunday sharoitda ham bolalaydi. Yangi tug’ilgan bolalari (ular odatda uchta bo’ladi) juda kichkina, uzunligi 30 santimetrga yaqin, olachipor tusda bo’ladi, katta bo’lganda esa terisi bir xil rangga kiradi. Arslonning tanasi ikki metrga, dumi to’qson santimetrga yaqin. Katta hamda o’tkir panja timoqlari yurganda teri ichiga tortilib kiradi. Arslonning juni qisqa, erkagining bo’yni va ko’kragini yol qoplagan bo’ladi.