ARSLON

ARSLON, sher (Panthera leo) —mushuksimonlar oilasining bir turi. Uzunligi 240 santimetrgacha (urg’ochisi kichikroq), og’irligi 280 kilogrammgacha. Yuz qismi cho’ziq, dumining uchida uzun qora qildan iborat popugi bor. Tanasi kalta jun bilan qoplangan, erkaklari tanasining oldingi qismi (bo’yni, ko’kragi va yuzi) dagi uzun yunglari yolni hosil qiladi (jinsiy demorfizm). Rangi sarg’ish, yoli qoramtir. Qadimgi areali Afrika (g’arbidan tashqari), Yevropa (Bolqon yarim oroli, Zakavkazye — Armaniston), Osiyoni (Arabiston yarim oroli, kichik, Old va Janubiy Osiyo — Sharqda Hindistongacha) o’z ichiga olgan. Individlar soni va areali keskin kamayib ketgan, hozirgi areali asosan Markaziy Afrikaning qo’riqlanadigan hududlari va qisman Janubiy Osiyodan iborat. Arslon cho’l, savanna va daryo yaqinidagi o’rmonlarda yashaydi. Poligam, oilaviy guruh hosil qiladi. Har 2 yilda bir marta 3 — 4 tadan bolalaydi. Homiladorlik davri 4 — 5 oy, 6 -7 yoshida voyaga yetadi, erkagidan 3 yoshda yol chiqadi. Arslon kechasi guruh bo’lib ov qiladi, yirik tuyoqli hayvonlarni ovlaydi. Qari va yarador Arslon odamga ham hujum qilishi mumkin. 70 yilgacha yashaydi. Arslon hamma joyda muhofaza qilinadi; hind kenja turi (P. L. Persica) Tabiatni muhofaza qilish xalqaro tashkilot qizil kitobiga kiritilgan.