ARSLON XOJA TARXON

ARSLON XOJA TARXON -15-asr birinchi yarmida yashagan davlat arbobi, shoir. Ulug’bekning ishonchli amirlaridan. Sabron shahri hokimi bo’lgan. Sakkokiy ma’lum davr uning saroyida yashagan. Arslon Xoja Tarxon zukko olim va iqtidorli shoir bo’lganligi qator manbalarda qayd etilgan. Arslon Xoja Tarxon o’z saroyida ijodkorlar yig’ini o’tkazishni xush ko’rgan. Qadimgi turkiy qo’lyozmalarni maxsus ko’chirtirgan va ba’zi asarlarni Arab, fors, turkiy tilga tarjima qildirgan. Arslon Xoja Tarxon turkiy adabiy til va turkiy (uyg’ur) yozuvning bilimdoni bo’lgan. U Ahmad Yugnakiynij «Hibat ul-haqoyiq» dostonini uyg’ur yozuvida ko’chirtirgan (1444), qo’lyozma oxiriga adib Axmad haqidagi «adibning yeri oti Yugnak erur, sifoti ajab yer, ko’ngillar yorur…»misralari bilan boshlanuvchi o’n baytli masnaviyini ilova qildirgan. Arslon Xoja Tarxon ijodidan hozircha faqat shu 20 satr masnaviy ma’lum. Shoir haqida ba’zi ma’lumotlar Sakkokiy qasidalarida, Shotibiyning «Qur’on o’qish san’ati haqida»gi risolasi tarjimasining debochasida uchraydi.