ARSLONBOB

ARSLONBOB (taxminan 11-asr) — turkistonlik mashhur sufiy. Arslonbobning hayoti, sufiylik faoliyati haqidagi ma’lumotlar Nasabnoma (shajara)larda va qo’lyozma manbalarda qisqacha berilgan, lekin ular ilmiy tadqiq qilinmagan. Ahmad Yassaviyning birinchi ma’naviy ustozi bo’lgan. Yosh Ahmad uning rahbarligida sufiylik tariqatining murakkab amaliy va nazariy bilimlarini olgan. Rivoyat qilinishicha, Arslonbob Qirg’iziston hududidagi shu nom bilan ataluvchi qishloqqa dafn qilingan. Maqbarasi hozirgacha saqlanib qolgan va ziyoratgoh hisoblanadi. Ad.: Trimingem Dj. S, Sufiyskie ordeni v islame, M., 1989.

ARSLONBOB — Farg’ona tizmasi bilan Boyboshota tizmasining qo’shilgan joyida 1400 metr balandlikda joylashgan kurort joy. Qirg’iziston Respublikasi O’sh viloyatining Bozorqo’rg’on tumani hududida. Bu yerdan Farg’ona tizmasining qorli cho’qqilaridan boshlanadigan Arslonbob soyi oqib o’tadi. Aholisi asosan o’zbeklar, qirg’izlar. Iqlimi iliq, yozi salqin, sovuq bo’lmaydigan davr bir yilda qariyb 230 kun. Iyulning o’rtacha temperaturasi 20 — 25°, havoning nisbiy namligi yoz oylarida 30— 40%; havosi toza. Yiliga o’rtacha 600 — 800 millimetr yog’in yog’adi. Tabiati nihoyatda boy va rang-barang, tog’yon bag’irlari qalin o’rmon. Arslonbobda tabiiy yong’oqzor, pistazor, Olmazor, Bodomzor va Olchazor ko’p. Arslonbob qishlog’i maxsus yong’oqzor-mevazor o’rmon xo’jaligi qaramog’ida. Arslonbob atrofida o’rmon-mevachilik xo’jaligi tashkil qilingan. 1945 yildan bu yerlar davlat qo’riqxonasi hisoblanadi. Daraxtzorlar qariyb 265 ming gektar maydonni tashkil qiladi. Mevali o’rmonlardan yong’oq, olma, pista va olcha yig’ib olinadi. Asalarichilik rivojlangan. Arslonbob yong’oqzorlarida mo’ynali hayvonlar iqlimlashtirilgan. Bu yerga har yili turist va dam oluvchilar kelib ketishadi, bolalar dam olish maskanlari bor. Arslonbob qadimdan Arslonbobota nomi bilan bog’liq ziyoratgoh joy.