ARSLONTOV

ARSLONTOV (Aristantov) — Qizilqumdagi uch tizmadan iborat emirilgan qoldiq tog’lar. Janubi-g’arbdan shimoli-sharqqa yo’nalgan. Eng baland joyi 698 metr. Arslontov Qizilqumdagi boshqa past tog’lar kabi atrofi eol qumlar bilan o’ralgan. Arslontov zamini silur, devon davrlarining slanets, qumtosh, ohaktosh, marmar, gravelit jinslaridan, yuqori qismlari karbon davrining och va to’q tusdagi ohaktosh va boshqa jins qatlamlaridan iborat. Bu jinslar tog’yon bag’irlarida ochilib qolgan, etaklarida esa dag’al prolyuviy yotqiziqlari va bo’r, paleogenning cho’kindi jinslari qatlamlari orasiga kirib ketgan. Arslontov Markaziy Qizilqumdagi boshqa paleozoy massivlari kabi gersin orogenezida burmalangan. Bo’r va paleogen dengiz transgressiyalari butun Qizilqumni jumladan Arslontovning yon bag’irlarini ham bosib, qalin gil qatlamlari bilan qoplagan. Alp orogenezida qayta burmalangan. Biroq yon bag’irlaridagi gil qatlamlari yuvilib ketgan. Arslontov asimmetrik tuzilgan, uning Sharqiy yon bag’irlari tik. Arslontov juda ham parchalanib ketgan. Markaziy qismlari Alp tipidagi relefga ega, ya’ni o’tkir nayzasimon cho’qqili, qirrali bo’lib, g’arbiy va Sharqiy chekkalari esa ko’pincha yassi yuzali, usti tekislanib qolgan. Nuragan jinslar tog’ etaklarida sochilib yotadi. Arslontovning Janubiy-Sharqiy yon bag’irlarida soy ko’p. Bu soylarda bahordagina sel va yomg’ir suvlari oqadi. Arslontovda ko’pincha quruq vodiyning chuqur joylarida, qatlamlarning tektonik yoriklarida, otqindi va metamorfik, ohaktosh hamda marmar jinslari tarqalgan joylarda chuchuk suvli buloqlar uchraydi. Buloq suvlaridan dehqonchilikda foydalaniladi. Arslontovda iqlimning quruqligi, tuproq qatlamining deyarli yo’qligidan o’simlik kam. Tog’ etaklarida toshli kul rang-qo’ng’ir tuproqlarda shuvoq-efemer o’simliklari keng tarqalgan. Arslontovdan yaylov chorvachiligida foydalaniladi.