ARTEL

ARTEL — fuqarolarning birgalikda xo’jalik faoliyati yuritish maqsadlarida tuzgan ixtiyoriy uyushmasi shakllaridan biri. Aksariyat hollarda Artel atamasi mehnat jarayonlarini birgalikda bajarish uchun tuzilgan shirkatlarga (baliq ovlash, qishloq xo’jalik artellari) yoki o’z a’zolari mehnatini umumlashtirmay, qisman ishlab chiqarish vositalariga egalikni birlashtiruvchi uyushmalarga nisbatan qo’llaniladi. Sobiq Ittifoqda yakka tartibda mehnat faoliyati bilan shug’ullanuvchi tovar ishlab chiqaruvchilar xo’jaliklari (hunarmandlar, kosiblar va boshqalar) 20-yillarning boshidan ishlab chiqarish vositalarini umumlashtirish asosida sosialistik xo’jalik yuritish yo’liga o’tkazilgan va qishloq xo’jalik, hunarmandchilik, baliqchilik Artellari kabi jamoa xo’jaliklari tuzilgan edi. Ularning ishlab chiqarish rejalari davlat xalq xo’jaligi rejasiga kiritilar edi. 80 — yillar oxirida yakka tartibda mehnat faoliyati bilan shug’ullanishga doir qonunlar qabul qilingach, bunday Artellar o’z ahamiyatini yo’qotdi. Hozir baliq ovlash, oltin izlash, kasanachilik, maishiy xizmat ko’rsatish sohalarida qisman Artellar saqlanib qolgan.