ARXEOLOGIK MADANIYAT
ARXEOLOGIK MADANIYAT — o’ziga xos etnogragik xususiyatlari bilan ajralib turadigan muayyan davrga va hududga doir arxeologik yodgorliklar birligi. Ayrim yoki bir qancha belgilarga, xususan, sopol buyumlarning shakli, naqshi, marhumlarni dafn etish tartibi, mehnat qurollari, uy-ro’zg’or anjomlari va boshqalarga ko’ra belgilanadi. Yodgorliklar qayerdan topilsa, shu joyning nomi bilan yuritiladi (masalan, Krvunchi madaniyati). Arxeologik madaniyatni o’rganish bilan ba’zan biror qabila yoki xalqning muayyan tarixiy davrdagi ishlab chiqarish kuchlari va munosabatlarining darajasi hamda ularda sodir bo’lgan ayrim o’zgarishlar aniqlab olinadi. Ba’zi Arxeologik madaniyat tarixiy manbalardan ma’lum bo’lgan mashhur qabilalarga tegishli bo’lib chiqadi (masalan, Kushon madaniyati qadimgi kushonlarga tegishli). Moddiy madaniyat elementlaridagi o’xshashlik hamma vaqt ham aholining etnik va kelib chiqish birligini ifodalayvermaydi, chunki bir-biriga yaqin ijtimoiy va geografik sharoitda xamda ibtidoiy texnika davrida qabilalar hayoti va madaniyatida o’xshashliklar bo’lishi mumkin. Bundan tashqari, madaniyatning ayrim elementlari shu madaniyatni yaratgan xalq yoki qabilalarning bir joydan ikkinchi joyga ko’chishi natijasida boshqa qabila yoki xalqlarga o’tishi mumkin. Arxeologik madaniyatni o’rganish yozma tarixiy maibalar paydo bo’lmasdan oldin yashagan qabila va xalqlarning tarixini yozish uchun imkoniyat yaratib beradi.