ASADULLAXO’JAYEV UBAYDULLAXO’JA
ASADULLAXO’JAYEV UBAYDULLAXO’JA (ayrim manbalarda Xo’jayev Ubaydulla) (1878, Toshkent — 1937) — jamoat arbobi, jadidchilik harakatining yirik vakili, o’zbek matbuotining ilk tashkilotchilaridan biri. Toshkentdagi rus-tuzem maktabini bitirgach, mahkamalardan birida tilmoch bo’lib ishladi (1897). Rossiyaning Saratov shahridagi huquqshunoslik institutida o’qidi (1908-12). Talabalik yillaridayoq davr muammolarini yechishni o’yladi, rus yozuvchisi L. N. Tolstoy bilan yozishmalar qildi (1909). O’qishni tugatgach, dastlab Saratov, 1913 yilda Toshkent okrug sudida xususiy advokat bo’lib ishladi. Chor hukumati ma’murlarining poraxo’rligi va zolimligini fosh etib, ayrimlarini davlat ishidan chetlatishga erishdi. Jadidchilik harakatiga qo’shilib, tez orada uning yirik vakillaridan biriga aylandi. «Umid» deb ataluvchi ilg’or musulmon guruhiga yetakchilik qildi (1913). «Turon» jamiyatining asoschilaridan biri (1913). U mustaqil firqa tashkil qilish niyatida Toshkentda «Sadoi Turkiston» gazetasini tashkil etib (1914.4.4), unga muharrirlik qildi. Gazeta ishiga o’sha davr ma’rifat darg’alari — Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdurauf Muzaffarov singarilarni jalb etdi. U gazetada turli mavzularda dolzarb maqolalar bilan chiqib, chorizmning mustamlakachilik siyosatini fosh qildi. Turkistonga tarqalib, umummilliy matbuot nashriga aylanayotgan «Sadoi Turkiston» 1915 yil aprelda yopib qo’yilgan bo’lsada, u o’lka ziyolilarining «Taraqqiyparvarlar» firqasiga zamin tayyorladi. Asadullaxo’jayev Toshkentda tuzilib, mardikorlikka olish ishi bilan shug’ullangan «Turkiston mardikorlikka olish qo’mitasi»ning raisi (1916). Qo’mita chor amaldorlarining o’zboshimchaliklarini ochib tashladi. Mardikorlikka jo’natish haqidagi oq podsho farmoni (1916 yil 25 iyun) ni bekor qildirish uchun Asadullaxo’jayev mahalliy millatparvar boy Mirkomil Mirmo’minboyev bilan birga Peterburgga bordi. Davlat dumasining 1916 yil dekabrdagi majlisida farmon Rossiya imperiyasining qonunchiligida ko’rsatilgan hollarga zid ravishda qabul qilingani isbotlab berildi. Asadullaxo’jayev 1917 yil Turkistondagi siyosiy jarayonlarda faol qatnashdi. «Sho’roi Islom» jamiyati raisi. Butun Turkiston musulmonlari I-s’yezdida tashkil qilingan Turkiston o’lka musulmonlari Markaziy kengashi kotibi va a’zolaridan biri (1917 yil aprel). Butun Rossiya musulmonlar kengashi MK a’zosi (1917). Muxtoriyatchilik harakati tashabbuskorlaridan. Turkiston muxtoriyati hukumatining harbiy ishlar vaziri (1917 yil noyabr — 1918 yil Fevral). Hukumat topshirig’i bilan Kavkazga bordi va Turkistonga g’alla keltirish masalasini hal qildi. Istiqlolchilik harakatiga xayrixohlik bilan qaragani, mustamlakachilikka qarshi kurashgani uchun «millatchilik»da ayblanib qatag’onga uchragan. Bir necha marta qamalib, turmada halok bo’ldi. Ad.: Mustafo Cho’qay o’g’li. Istiqlol jallodlari, T., 1992; Turkiston mustaqilligi va birligi uchun kurash sahifalaridan, T., 1996; O’zbekiston tarixi: yangi nigoh. Jadidlar harakatidan milliy mustaqillikka qadar, T., 1998; Pidaev T., Matbuot—millat chirog’i, T., 1999.